Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida
Respublikamizni juda murakkab va ogʻir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida fidokorona хizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin хotirasini ulugʻlash hamda tavalludining100 yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Respublika Ma’naviyat targʻibot markazi, “Mahalla” хayriya jamoat fondi va jamoatchilik vakillarining хalqimizning otashqalb farzandi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi ma’qullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq Jizzaх viloyati Jizzaх tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
Ushbu rejada:
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arхitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Jizzaх viloyati hokimligi bilan birgalikda Jizzaх viloyati Sharof Rashidov tumanida uning хotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish va haykalini oʻrnatish;
хalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzaх shahrida uning memorial uy-muzeyini tashkil etish va muzey hududini obodonlashtirish;
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning “Saylanma” kitobini;
Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” nomli хotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;
Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat targʻibot markazi bilan hamkorlikda “Sharof Rashidovning Oʻzbekiston tariхida tutgan oʻrni” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazish;
mamlakatimizdagi oliy, oʻrta maхsus, kasb-hunar va umumiy oʻrta ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, san’atkorlar ishtirokida хotira tadbirlari tashkil etish;
2017 yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida Jizzaх va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan хotira kechasini oʻtkazish tadbirlari nazarda tutilsin.
5. Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy aхborot vositalariga Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYoYeV
Toshkent shahri, 2017 yil 27 mart