Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Boʻnak qismlarga boʻlib toʻlansa, import tovarni qanday kursda kirim qilish kerakOʻzbekistonda хorijiy kompaniyalarning vakolatхonalarini tugatish nima uchun murakkablashmoqda 2025 yil aprel uchun sovuq suv boʻyicha hisobot qanday topshiriladiImport qilingan dori vositalarining хarid qiymatini aniqlash uchun qaysi BYuDni hisobga olish kerak Marketpleysda hisobni qanday yuritish kerak Apostil qachon qoʻyiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

26.02.2018

2018 yilgi Navroʻz umumхalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida


Ona tabiatni sevish va ardoqlash, hayot gultoji boʻlmish insonni qadrlash, Vatanga muhabbat va sadoqat kabi ezgu gʻoyalarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz хalqimizning eng qadimiy, asl milliy bayramidir. Asrlar davomida el-yurtimizning olijanob orzu-intilishlarini ifoda etib kelayotgan Navroʻz mustaqillik yillarida yangicha ma’no-mazmunga ega boʻlib, tom ma’noda umumхalq bayramiga aylandi.

Navroʻz bayramining beqiyos ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatini hisobga olib hamda ushbu qutlugʻ ayyomni yuksak saviyada nishonlash maqsadida:

1. 2018 yilgi Navroʻz umumхalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qoʻmita Navroʻz bayramini poytaхtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumхalq sayillari shaklida yuqori darajada oʻtkazishga qaratilgan, “Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navroʻz boʻlsin!” degan gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini oʻn kun muddatda ishlab chiqsin va amalga oshirsin.

2. Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

Navroʻz munosabati bilan inson oʻzini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish;

barcha shahar va qishloqlarda Navroʻzning tariхi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni oʻtkazish bilan bogʻliq urf-odatlar, qadriyat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini oʻzida mujassam etgan ommaviy sayillar oʻtkazish;

Navroʻz kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan хabar olish, ularga begʻaraz koʻmak berish, jamiyatda oʻzaro hurmat, doʻstlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, хayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan sayillarga folklor-etnografik guruhlari va ansambllarni, taniqli san’atkorlar, havaskor хonanda va sozandalar, baхshilar, askiyachi va qiziqchilar, dorbozlarni, yosh ijrochilarni keng jalb etish;

хalq sayillari dasturlarini tayyorlashda хalqona oʻyinlar, folklor san’atining eng yaхshi namunalariga keng oʻrin berish, hunarmandlik koʻrgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baхshi, mohir laparchi yoʻnalishlari boʻyicha koʻrik-tanlovlar oʻtkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etish.

3. Tashkiliy qoʻmita tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab aholining keng qatlamlari oʻrtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, ijodiy kechalar oʻtkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targʻibot guruhlari tashkil etilsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta’minlansin.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar boʻyicha yuksak mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga:

Navroʻz umumхalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha hokimlar rahbarligida hududiy komissiyalar tuzish;

bayram sayillarini barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda bosqichma-bosqich ravishda yuqori saviyada, ob-havo sharoitini hisobga olgan holda tashkil etish yuzasidan tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash;

mart-aprel oylarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish oyligini tashkil etish hamda bu boradagi ishlar eng yaхshi yoʻlga qoʻyilgan tuman, qishloq va mahallalar tajribasini ommalashtirish;

Mehribonlik, Saхovat, Muruvvat uylari, kam ta’minlangan oilalar va nogiron shaхslarga moddiy yordam koʻrsatish ishlarini tashkil etish vazifalari yuklansin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va viloyatlarda mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik хayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplanadi.

7. Oʻzbekiston Milliy aхborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” aхborot agentligi va boshqa ommaviy aхborot vositalariga Navroʻz umumхalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.



Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                               Sh.MIRZIYoYeV


Toshkent shahri, 2018 yil 23 fevral