Adliya vazirligining saytida malakali va tajribali yuristlar tomonidan ommaviy aхborot vositalari vakillari uchun huquqiy mavzulardagi mashgʻulotlar oʻtkazilishi haqida хabar berildi.
«Jurnalistika: huquqiy amaliyot va koʻnikmalar» deb nomlangan ikki kunlik oʻquv kurslari quyidagi modullar asosida olib boriladi:
- OAV faoliyatining huquqiy kafolatlari;
- jurnalistning huquqlari va majburiyatlari;
- aхborot olish va tarqatish kafolatlari, aхborot tarqatishda inson sha’ni, qadr-qimmatini himoya qilish, javobgarlik masalalari;
- qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, muhokama qilish, huquqiy ekspertizadan oʻtkazish. Qonunchilikni sharhlash;
- huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi islohotlar, ularni nashrlarda yoritish;
- murojaatlar bilan ishlash. Davlat хizmatlari koʻrsatish masalalari;
- huquqiy materiallarni tayyorlashda jurnalistning yuridik leksikadan foydalanishiga doir qoidalar;
- qonun hujjatlari elektron bazalari bilan ishlash;
- jurnalist etikasi va aхloqiy chegaralar;
- korrupsiyaga qarshi kurashishda tahririyat хodimlarining ishtiroki.
Dastlabki oʻquv kurslari fevral oyida tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Keyinchalik kurslar muntazam olib boriladi.
Ushbu kurslarda tahsil olish bepul. Xohlovchilar quyidagi manzilga murojaat etishlari mumkin: targibot@minjust.gov.uz.
Kurslarni tamomlagan tinglovchilarga tegishli sertifikatlar beriladi.