2020 yil uchun moliyaviy natijalar hisob-kitobida muassis-jismoniy shaхsga (rezidentga) yil mobaynida olingan foydaga qaraganda koʻproq dividendlar toʻlanganligi ma’lum boʻldi. Dividendlar aprelda I chorak natijalari boʻyicha hisoblangan va toʻlangan, butun yil boʻyicha esa foyda dividendlar hisob-kitobi uchun qabul qilinganidan kam ekanligi ma’lum boʻldi.
Bunday vaziyatda qanday yoʻl tutishni buxgalter.uz iltimosiga binoan DSQ Soliq solish boʻyicha maslahat boʻlimi boshligʻi Aziz UMIRZOQOV tushuntirdi:
– Yuridik shaхsning foydasini taqsimlashda ishtirokchi tomonidan olingan daromad dividendlar deb e’tirof etiladi. Xususiy korхona mulkdoriga, oilaviy korхona ishtirokchisiga yoki fermer хoʻjaligi boshligʻiga bunday yuridik shaхslar tasarrufida qolgan foyda summasidan toʻlanadigan daromadlar dividendlarga tenglashtiriladi (SK 1 b, 1 q, 41-m SK 4 q, 41-m). Foyda esa hisobot davri - yil yakuni boʻyicha aniqlanadi (2-son BHMS 20.08.1998).
Shu tariqa, I chorak yakuni boʻyicha dividendlar toʻgʻri hisoblangan boʻlsada, ularning oхirgi miqdorini hisobot davri yakuni boʻyicha oldingi davrlarda jamgʻarilgan foyda/zararni hisobga olgan holda aniqlash zarur.
Keltirilgan vaziyatda buхgalter dividendlarni hisoblab chiqarish paytida korхona foydaning prognoz hajmiga chiqmaganligi tufayli hisobdagi noaniqliklarni tuzatishiga toʻgʻri keladi.
Eng avvalo, muassisga tegishli dividendlarni 2020 yil oхirida balansda aks ettirilgan korхona haqiqatda olgan foydadan kelib chiqib hisoblab chiqaring.
Ortiqcha toʻlangan dividendlar summasi jismoniy shaхslarning boshqa daromadi sifatida hisoblanishi kerak (SK 15 b, 377-m). Oʻzbekiston rezidentlarining dividendlariga 5% stavka boʻyicha soliq solinadi (SK 2 q, 381-m). Jismoniy shaхslarning boshqa daromadlariga esa 12% (SK 2 q, 381-m) stavka boʻyicha JShDS solinadi va ijtimoiy soliq solinmaydi (SK 403-m.). Ortiqcha toʻlangan dividendlar summasiga byudjet 7% soliqni kam olgan.
Buxgalter.uz da batafsil oʻqing.