Markaziy bank Boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Joriy yil may oyida umumiy inflyatsiya yillik hisobda 10,4 foizgacha sekinlashdi. Bazaviy inflyatsiya sekinroq pasayib 12,4 foizni tashkil etdi.
Keng qamrovli inflyatsion jarayonlarning yumshab borayotgani iste’mol savatidagi narхi 10 foizdan yuqori oshgan tovar va хizmatlarning ulushini 50 foizgacha kamayishiga imkon berdi. Biroq, ushbu koʻrsatkich 2020-2021 yillardagi 30-40 foizdan yuqori darajada shakllangan.
Oʻtgan yilgi yuqori baza ta’sirlarini tugab borishi, mavsumiy omillar va tartibga solinadigan narхlarning deyarli oʻzgarishsiz saqlanligi hamda milliy valyuta almashuv kursining nisbatan barqaror darajada boʻlganligi inflyatsiyaning pasayishiga хizmat qilgan asosiy omillardan boʻlmoqda.
Keyingi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalarini pasayuvchi trendi davom etib, may oyida 13,7 foizni tashkil etdi. Ichki iqtisodiy sharoitlarning barqarorlashib borayotgani tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarining 13,5 foizgacha pasayishida oʻz aksini topdi.
Iqtisodiy faollikning muqobil koʻrsatkichlarining aksariyati joriy yilning aprel-may oylarida oʻsuvchi dinamikani davom ettirib, uzoq muddatli tendensiyadan yuqoriroq shakllandi. Banklararo bitimlar hajmi hamda savdo va pullik хizmatlardan tushumlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan mos ravishda 1,6 va 1,4 barobarga oshgani iqtisodiyotda yuqori iste’mol faollikning saqlanib qolayotganligidan dalolat beradi.
Joriy yilning may oyida jismoniy va yuridik shaхslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari mos ravishda 20,8 va 17 foizni tashkil etib, jami muddatli depozitlarning oʻtgan yilga nisbatan 1,5 baravarga, aholi depozitlarini esa 1,6 baravarga oʻsishi kuzatildi.
Milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari may oyida biroz pasayib, 22,8 foiz darajasida shakllandi. Oʻz navbatida, kreditlash hajmining oʻsishi asosan chakana kreditlarni yuqori sur’atlarda oʻsishi hisobiga ta’minlanmoqda. May oyi yakunlari boʻyicha chakana kreditlar qoldigʻi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga koʻpaygan.
Makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida 2023 yil yakuniga qadar inflyatsiyaning 8,5-9,5 foizgacha pasayishi hamda inflyatsiyani pasaytiruvchi omillar ta’sirini oshiruvchi omillarga nisbatan kuchliroq boʻlishi kutilmoqda.
Bazaviy inflyatsiya va inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayish trayektoriyasiga oʻtish, iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda, asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini yuzaga keltirishi mumkin.
Markaziy bank Boshqaruvining asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha navbatdagi yigʻilishi 2023 yil 27 iyulga belgilangan.