1 iyun kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar moliya vaziri tomonidan taqdim etilgan Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2016 yildagi hamda joriy yilning I choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqdilar.
Hisobot siyosiy partiyalar fraksiyalarining va Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining ilgari boʻlib oʻtgan majlislarida dastlabki tarzda koʻrib chiqilgan edi.
«World Economic Outlook» Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga koʻra, 2016 yilda jahon iqtisodiyoti oʻrtacha 3,1 foizga oshdi, tashqi savdo hajmi esa atigi 1,9 foizga oshgan boʻlib, bu esa investitsiyalar hajmining 2015 yildagi koʻrsatkichga nisbatan 13 foizga pasaygani bilan bogʻliqdir.
Majlisda ta’kidlanganidek, ushbu sharoitda, Davlat byudjeti tasdiqlangan koʻrsatkichlarga muvofiq va 132 mlrd soʻmdan ortiq miqdorda profitsit bilan ijro etildi. YaIMning oʻsishi 7,8%ni, sanoat mahsulotlari, qishloq хoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi tegishincha 6,6%ni tashkil etdi.
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2017 yil I choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni koʻrib chiqish davomida deputatlar ushbu sohadagi ishlarning joriy holatini tanqidiy ravishda tahlil qildilar.
Ta’kidlanganidek, jahon bozorlarida kon’yunktura barqaror emasligini va raqobat kuchayib borayotganligini hisobga olgan holda investitsiyalarni jalb etishda 2017 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan va davlatimiz rahbarining respublika hududlariga safarlari chogʻida ishlab chiqilgan loyihalarning soʻzsiz bajarilishiga birinchi darajali e’tiborni qaratish darkor.
Deputatlar oldinda turgan aniq vazifalarni belgilab oldilar. Majlis yakunlariga koʻra Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2016 yildagi hamda 2017 I choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Aхborot хizmati ma’lumotlari asosida.