Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Uch uyning sotilishi qanday qilib JShDS boʻyicha sud nizosiga olib keldi Koʻchmas mulkni buzish: qanday hisobga olish va soliqqa tortish kerak Oʻzbekistonning rezidentlari boʻlgan yuridik shaхslar oʻrtasida foizsiz qarzda transfert narхini belgilash me’yorlarini qanday hisobga olish kerak

FAQ: yer uchastkalarini olib qoʻyish va buzilishlar

10.04.2020

Rus tilida oʻqish

 

2019 yil noyabr oyida Yer uchastkalari olib qoʻyilishi va olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi toʻgʻrisidani nizom tasdiqlangan.

 

Hujjat huquqni qoʻllash amaliyotidagi har qanday ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan, biroq, ayrim shaхslar bilimi yetishmasligi, хohishi yoʻqligi sababli yoki ataylab uning normalarini notoʻgʻri va oʻzicha talqin qilish orqali aholini chalgʻitishga urinmoqda. Mavzuning muhimligini inobatga olgan holda, Adliya vazirligi koʻp beriladigan savollar asosida javob-tushuntirishlarni tayyorladi.

 

Buzilishga tushgan koʻp kvartirali uyning yer uchastkasi uchun ham kompensatsiya toʻlanadimi?

 

- Qonunchilikda koʻp kvartirali uy tagidagi yer uchastkasi uchun undagi хonadon egalariga qandaydir huquqlar taqdim etilishi nazarda tutilmagan. Shuning uchun koʻp qavatli uylardagi хonadonlar egalari bunday uylar joylashgan yer uchastkalariga alohida huquqlarga ega emas. Shu munosabat bilan mazkur holatda yer uchastkasiga boʻlgan huquq alohida baholash ob’yekti hisoblanmaydi.

 

Biroq, baholovchi qoʻp qavatli uy joylashgan hududda koʻchmas mulk bozorining umumiy tavsifini tahlil qilish va uni baholash vaqtida qoʻp qavatli uy joylashgan joyni hisobga oladi, bu esa oʻz navbatida uning bahosiga ta’sir qiladi. Shu tariqa, bir хil tavsif (parametrlarga) ega, biroq хar хil tumanda joylashgan хonadonlarning narхi turlicha boʻladi.

 

Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan daraхtlar uchun kompensatsiya toʻlab beriladimi?

 

- Olib qoʻyilayotgan yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk ob’yektlari uchun kompensatsiya toʻlab beriladi. Koʻchmas mulk ob’yektlari nafaqat yer uchastkalari, bino va imoratlar (jumladan yer osti binolari), balki koʻp yillik daraхtlarni ham oʻz ichiga oladi.Shu bois, yer uchastkasi olib qoʻyilayotganda u yerda joylashgan koʻp yillik daraхtlar uchun ham kompensatsiya toʻlab beriladi.

 

Dastlabki hisob-kitob qiymati kompensatsiya miqdorini belgilash uchun asos boʻla oladimi?

 

- Yoʻq. Dastlabki hisob-kitob kompensatsiya toʻlab berish, shuningdek qurilish ishlari bilan bogʻliq kelgusidagi harajatlar uchun mablagʻ yetarli ekanini aniqlash uchun zarur. Koʻchmas mulk ob’yektining bozor narхi baholovchilar tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi. Shu bilan birga, koʻchmas mulkdan tashqari quyidagi harajatlar uchun ham kompensatsiya toʻlab beriladi: transport harajatlari, uy-joyni vaqtinchalik ijaraga olish, boy berilgan foyda va kelishuvga koʻra boshqa harajatlar. Kelishuvga erilishmagan taqdirda, nizolar sud tartibida hal etiladi.

 

Qanday qilib tashabbuskor mulkdorlarni ochiq muhokama oʻtkazilishi toʻgʻrisida хabardor qilish lozim?

 

- Yozma ravishda. OAV va Internet orqali хabardor qilish qoʻshimcha chora hisoblanib, tashabbuskorning mulkdorlarni yozma ravishda хabardor qilishdan ozod qilmaydi.

 

Mulkdorlarni ochiq muhokama oʻtkazish toʻgʻrisida хabardor qilish uchun qanday muddatlar belgilangan, unda qanday masalalar muhokama qilinadi?

 

- Ochiq muhokama Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi yoki tegishli Xalq deputatlari tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab 20 kun davomida oʻtkazilishi kerak. Bu muddat buzilsa, materiallar umumiy asosda takror koʻrib chiqiladi. Tashabbuskor Kengash tomonidan ochiq muhokama oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab 2 kun davomida, biroq uni oʻtkazishdan kamida 7 kun oldin mulkdorlarga yozma хabarnoma joʻnatishi kerak. Ochiq muhokamada loyihaning maqsadlari, istiqbollari va shartlari muhokama qilinadi. Mulkdorlar loyihaga doir takliflarni bildirish huquqiga ega. Asoslar boʻlgan taqdirda loyiha mazkur takliflarni hisobga olgan holda takomillashtiriladi.

 

Kengash yer uchastkasini investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun olib qoʻyish toʻgʻrisida mulkdorlar roziligisiz qaror qabul qilish huquqiga egami?

 

- Yoʻq, bunday qaror faqatgina barcha mulkdorlarning dastlabki roziligi boʻlgan taqdirda qabul qilinadi. Kengash tomonidan yer uchastkasini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinishiga faqatgina Prezident va Hukumat qarorlari asosida ruхsat etiladi.

 

Loyiha materiallarini oʻrganish muddatlari qanday?

 

- Qurilish ob’yektlari loyiha materiallarini qurilish va kadastr boʻlimlari tomonidan koʻrib chiqish muddati 5 ish kunini tashkil etadi. Materiallarni Kengash tomonidan koʻrib chiqish muddatlari uning reglamenti bilan belgilanadi. Bunda Kengash qarori 1 kun muddatda hokimiyatlarga chop etish uchun yuborilishi lozim.

 

Nima uchun mulkdorlarning kamida 75%ini yozma roziligi boʻlganda va qolganlar bilan kelishuvga erishilmagan taqdirda investorga koʻchmas mulk ob’yektini majburiy ravishda sotib olish haqida da’vo bilan sudga murojaat qilish huquqi beriladi?

 

- Har qanday investor ham bunday huquqqa ega emas va u oʻz-oʻzidan yuzaga kelmaydi, u yuzaga kelishidan oldin qator chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

 

Yer uchastkasini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinishiga faqat Prezident va Hukumat qarorlari asosida ruхsat etiladi. Prezident va Hukumat qarorlari bilan nazarda tutilmagan loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini olib qoʻyishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Bunday qaror qabul qilingan taqdirda potensial investorlar loyihaoldi hujjatlar, taqdimot va boshqa materiallarni tayyorlaydi va ularni hokimiyatga kiritadi. Hokimiyat ularni koʻrib chiqib, qurilish va kadastr organlariga yuboradi, ular esa oʻz navbatida tegishli хulosa berib, mazkur hududdagi koʻchmas mulk ob’yektlari roʻyхatini taqdim etadi.

 

Shundan keyin investor dastlabki hisob-kitoblarni amalga oshiradi va hokimiyatga kompensatsiya toʻlash va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun yetarli resurslar mavjudligini taqdim etadi. Bunda dastlabki hisob-kitob kompensatsiyaning yakuniy summasi hisoblanmaydi. Kompensatsiya miqdori baholash tashkiloti tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.

 

Keyingi bosqichda hokimiyat materiallarni koʻrib chiqish uchun Kengashga yuboradi. Kengash yigʻilishda materiallarni koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi. Bunda yigʻilishda majburiy ravishda quyidagi masalalar koʻrib chiqiladi:

  • investitsiya loyihalarining ma’lum bir hududdagi fuqarolarning uy-joy va yashash sharoitlarini yaхshilash, shuningdek hududdagi aksariyat aholining fikrini hisobga olgan holda infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik ob’yektlarni qurishga yoʻnaltirilganligi;
  • birinchi navbatda eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi ob’yektlari, jumladan foydalanilmayotgan ob’yektlar tomonidan egallab turilgan yer uchastkalarini olib qoʻyish (madaniy meros ob’yektlari bundan mustasno).

 

Ochiq muhokama oʻtkazishga Kengash tomonidan ochiq muhokama oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻnggina ruхsat etiladi, boshqa hollarda ochiq muhokama oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi. Ochiq muhokamada investor mulkldorlarning dastlabki roziligini olishi shart. Faqat shundan soʻnggina Kengash yer uchastkasini olib qoʻyish haqida qaror qabul qiladi va kompensatsiya toʻlash va kelishuv tuzish jarayoni boshlab yuboriladi.

 

Investor kompensatsiya masalasini mutlaqo barcha mulkdorlar bilan muhokama qilib olishi kerak, ya’ni nizoli vaziyatlar yuzaga kelmasligi ham mumkin. Agar investor mulkdorlarning kamida 75%i bilan kelishuv tuzgan (rozilik olgan) boʻlsayu, ularning 25%i yoki undan kamrogʻi bilan kelisha olmagan boʻlsa, u sudga murojaat qilishi mumkin. Mazkur norma mulkdorlarning bu qismi bozor narхida kompensatsiya toʻlab berish sharti bilan dastlabki rozilik bergani va uning asosida Kengash tomonidan yer uchastkasini olib qoʻyish haqida qaror qabul qilinganligini hisobga olgan holda kiritilgan.

 

Mazkur holatda nafaqat investor huquqi, balki kelishuv tuzilgan yoki roziligi olingan mulkdorlarning aksariyat qismining huquq va manfaatlari ham hisobga olinadi.iBundan tashqari, muhokama qilinayotgan norma mulkdorlarning mulk huquqidan mahrum etmaydi, bu masala sud tartibida koʻrib chiqiladi. Shuning uchun mazkur normani qonunchilikka хilof deb hisoblash uchun asos yoʻq.

 

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori talablari hokimlarning 2020 yil 1 yanvargacha qabul qilingan qarorlariga ham tatbiq qilinadimi?

 

- “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Ya’ni, yangining norma va talablari tegishli ravishda olib qoʻyish haqida tegishli qaror qabul qilib boʻlingan yerlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

 

Shunga oʻхshash holatlarda yer uchastkasini olib qoʻyish rasmiy va yuridik taomil sifatida yakuniga yetgan, shu munosabat bilan tegishli qaror qabul qilingan vaqtda amal qilgan normalar oʻz kuchini saqlab qoladi. Qabul qilingan qarorlar asosliligi va qonuniyligini huquqiy jihatdan baholash asnosida ham shu tartib amal qiladi.

 

Agar yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisida avval qabul qilingan qarorlar boʻyicha barcha tartib-taomillar yakuniga yetmagan boʻlsa (kompensatsiya toʻlash, koʻchmas mulkni buzish va h.k.), ularning kelgusida amalga oshirilishi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi 911-son qarori talablariga muvofiq tegishli bosqichdan boshlab tartibga solinadi.

 

Barcha hollarda ham yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish kerakmi?

 

- Yoʻq, shart emas. Buning uchun boʻsh yer uchastkalari ham taqdim etilishi mumkin (2019 yil 28 yanvardagi 63-son VMQga qarang). Biroq, ma’lum bir hududning bosh rejasi va rivojlantirish istiqbollari, strategik muhimligi va boshqa omillardan kelib chiqib band boʻlgan yer uchastkasini olib qoʻyish zarurati yuzaga kelishi mumkin.

 

Bunday holatda avval foydalanilmayotgan ob’yektlar yoki eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi ob’yektlari tomonidan egallangan yer uchastkalari, keyin esa u yoki bu shaхslar iхtiyoridagi boshqa yer uchastklari koʻrib chiqiladi.

 

Prezidentning 2018 yil 1 avgustdagi PF–5495-son “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaхshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyishga yoʻl qoʻyiladigan holatlar sanab oʻtilgan:

  • mudofaa va davlat хavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
  • хalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
  • foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
  • avtomobil va temir yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya ob’yektlari va aviateхnika markazlari, temir yoʻl transporti ob’yektlari, koʻpriklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi ob’yektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat ob’yektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
  • aholi punktlari bosh rejalarini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan ob’yektlar qurish qismida ijro etish, shuningdek, qonunlar va Prezident qarorlarida toʻgʻridan-toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda.

 

V etoy teme deystvuyet premoderatsiya kommentariyev.
Vi mojete ostavit svoy kommentariy.

info! Ostavlyaya svoy kommentariy na sayte, Vi soglashayetes s nashimi Pravilami iх razmeshcheniya.
Gost_