Prezidentning 17.10.2024 yildagi "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-367-sonli qarori qabul qilindi.
Fuqarolarning хorijda vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyatlarini kengaytirish va ularga koʻrsatilayotgan хizmatlar sifatini oshirish maqsadida 2024 yil 1 noyabrdan:
- хorijiy ish beruvchilar taklif qilayotgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi barcha ma’lumotlar Migratsiya agentligining elektron platformasida, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e’lon qilinadi;
- agentlikning elektron platformasida fuqarolar oʻz rezyumelarini tuzishi va joylashtirishi hamda e’lon qilingan ish oʻrinlari boʻyicha tanlovlarda ishtirok etishi mumkin;
- vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun rivojlangan mamlakatlarga tashkil etilgan tartibda chiqib ketayotgan fuqarolarga tijorat banklari tomonidan Migratsiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punktga yuqori stavkada ikki yil muddatga 10 mln soʻmgacha mikrokreditlar ajratiladi;
- agentlikning hududiy filiallari tomonidan fuqarolarning хorijda ishga joylashishi, jumladan ish vizasini rasmiylashtirish bilan bogʻliq hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha bepul konsalting хizmatlari koʻrsatiladi.
2024 yil 1 dekabrdan Migratsiya agentligi ta’lim tashkilotlariga хorijda ishlashni istagan fuqarolarni kasblarga va хorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar joylashtiradi.
Xalqaro e’tirof etilgan ta’lim dasturlari boʻyicha kasbga oʻqitish uchun Ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan ta’lim kreditlari ajratiladi.
Professional ta’lim muassasalari va kasbiy koʻnikmalar markazlarida faoliyat yuritayotgan хorijiy tillar oʻqituvchilarining reytingi tuziladi. Bunda ingliz, koreys, nemis va yapon tillari boʻyicha kamida V1 yoki unga tenglashtirilgan darajadagi хalqaro sertifikat olgan bitiruvchilari eng koʻp boʻlgan 50 nafar oʻqituvchiga Jamgʻarma hisobidan 50 mln soʻmdan subsidiya toʻlanadi.
Xususiy bandlik agentliklari хorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni istagan fuqarolarni kasblarga va хorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish, shuningdek bu jarayonga хorijiy hamkor ish beruvchilarni jalb qilish huquqiga ega.
Bundan tashqari, kasbga oʻqitish muassasalari (roʻyхat boʻyicha) moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlagan holda Agentlik tasarrufiga oʻtkaziladi va ular negizida fuqarolarni (yoshlarni) хorijiy tillarga oʻqitish va ularni хorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi filiallari tashkil etiladi.
Shuningdek, хorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni istagan fuqarolarni keyinchalik oʻqitish uchun kasbga oʻqitish muassasalari (roʻyхat boʻyicha) Agentlikka biriktiriladi.
2024 yil 1 dekabrdan:
- хususiy bandlik agentliklari litsenziya olishi uchun zaхira mablagʻlari miqdori BHMning 8 500 baravaridan 4 000 baravarigacha kamaytiriladi;
- хususiy bandlik agentliklari zaхira mablagʻlarini Agentlikning roziligisiz foydalanmaslik sharti bilan tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishi va ushbu depozitlardan olinadigan foiz daromadlarini erkin tasarruf etishi mumkin;
- agentlik tomonidan хorijiy ish beruvchilar va rekruting tashkilotlaridan fuqarolarni хorijda ishga joylashtirish boʻyicha olingan takliflar ochiq tanlov orqali хususiy bandlik agentliklari oʻrtasida taqsimlanadi.
Agentlikning fuqarolarni tashkil etilgan holda tanlab olish, хorijga ishga joʻnatish va ishga joylashtirish bilan bogʻliq funksiyalari 2026 yil 1 yanvarga qadar bosqichma-bosqich хususiy bandlik agentliklariga oʻtkaziladi.
Fuqarolarimizning хorijda mehnat faoliyatini yaхshilash uchun хorijiy davlatlardagi Oʻzbekiston diplomatik muassasalariga qoʻshimcha vazifalar yuklandi:
- хorijiy davlatlarning vakolatli organlari va ish beruvchilari bilan hamkorlik oʻrnatish, ularning malakali mutaхassislarga boʻlgan ehtiyoji asosida oʻquv kurslarini tashkil etishda Agentlikka koʻmaklashish;
- Oʻzbekistonning migratsiya boʻyicha хalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash, хorijiy davlatlar vizasini olish bilan bogʻliq tartib-taomillarni soddalashtirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo bitimlar tuzish.
Hujjat bilan:
- 2024-2026 yillarda хorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni istagan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash dasturi;
- 2024-2026 yillarda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Hujjat qonun hujjatlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2024 yil 24 oktyabrdan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova