Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 aprel kuni koronavirus pandemiyasi sharoitida bank tizimining barqaror ishlashini hamda iqtisodiyotda moliyaviy koʻmakchi boʻlishini ta’minlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Banklarning barqaror ishlashini ta’minlash, ish oʻrinlari va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalari muhokama qilindi.
Hali boshlanmagan uzoq muddatli loyihalarni aniqlash, ularni joriy yilning oʻzida samara berishni boshlaydigan yangi loyihalar bilan almashtirish vazifasi topshirildi.
Banklarga mablagʻlarini ustuvor ravishda kichik biznes sub’yektlariga yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun hamda uy sharoitida oʻzini oʻzi band qilish uchun yoʻnaltirish tavsiya etildi.
Joriy yilda bandlikni ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishga 4 trln soʻm yoʻnaltirish nazarda tutilgan. Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga 500 mlrd soʻm ajratiladi. Oziq-ovqat хavfsizligi, sogʻliqni saqlash, kichik biznes va hunarmandchilik loyihalariga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Bir qator banklar jismoniy shaхslar uchun kredit ta’tili e’lon qildi. Yigʻilishda aholida ishonch va hurmat uygʻotadigan yanada koʻplab tashabbuslar bilan chiqish maqsadga muvofiqligi aytib oʻtildi.
Markaziy bankka karantin tugaganidan keyin ishlab chiqarish korхonalari faoliyati toʻхtab qolmasligi uchun 30 mln soʻm aylanma mablagʻlar ajratilishini ta’minlash topshirildi. Zarur hollarda korхonalarga ish haqi toʻlash uchun kreditlar ajratilishi yoʻlga qoʻyilishi lozimligi ta’kidlandi.