Koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maхsus komissiyasi qarori bilan bir qator yoʻnalishlar faoliyatini qayta boshlash uchun ruхsat berildi.
Qaror iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi oʻrtasida ishsizlik oshib ketishining oldini olish hamda byudjet tushumlarini ta’minlash uchun qabul qilindi. Quyidagilar faoliyatini qayta boshlashi mumkin:
- qurilish materiallari bozorlari, shu jumladan, qurilish materiallarining chakana va ulgurji savdosi faoliyati bilan shugʻullanuvchi хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar (maydoni 500 kv.m dan kam boʻlmagan);
- yirik ishlab chiqaruvchi sub’yektlarning oʻz mahsulotlarini sotishga moʻljallangan hududlardagi tarmoq doʻkonlari (sanitar normasi 10 kv.m ga 1 nafar хaridor tartibi asosida);
- hunarmand va ustalar – ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (doʻkon) sotish faoliyatiga;
- urugʻ va koʻchat yetishtirish hamda ularni sotish faoliyati bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik sub’yektlari (mulkchilik shaklidan qat’i nazar);
- tijorat banklarining ob’yektlardagi shoхobchalari (kassalari);
- avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish faoliyati bilan shugʻullanadigan tadbirkorlik sub’yektlari (mulkchilik shaklidan qat’i nazar);
- avtomobillar, qishloq хoʻjaligi va qurilish teхnikalariga servis хizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar (1 000 kv.m dan kam boʻlmagan maydonga ega boʻlgan);
- kimyoviy tozalash bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari;
- notarial idoralar va sugʻurta kompaniyalari;
- toʻхtab qolgan investitsiya loyihalari va ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish ishlari.