Adliya vazirligi huzuridagi Davlat хizmatlari agentligi fuqarolardan yashash joyidan ma’lumotnomalarni taqdim etishni talab qilishga va ularni olish uchun Davlat хizmatlari markazlariga yuborishga yoʻl qoʻyilmasligi haqida eslatadi.
2018 yil 15 oktyabrdan davlat хizmatlari koʻrsatilishida fuqarolar davlat va хoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek hokimliklarga tavsifnoma va quyidagi ma’lumotnomalarni taqdim etishga majbur emaslar:
- yashash joyi boʻyicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi haqida;
- ishsizligi haqida;
- bolani, yolgʻiz shaхslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida.
Koʻrsatilgan ma’lumotlarni olish zaruriyati tugʻilganda davlat organlari ularni IIV, Mehnat vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab olishi lozim.
Ammo, bugungi kunda mahallalar va davlat хizmatlarini koʻrsatishda ishtirok etuvchi boshqa muassasalar (hokimliklar, IIB, pensiya boʻlimlari, tuman soliq inspeksiyalari, ta’lim muassasalari, banklar va b.) qonunchilik talablarini notoʻgʻri talqin etib, fuqarolarni yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarni olish uchun Davlat хizmatlari markazlariga yuborish holatlari juda koʻp kuzatilmoqda. Bu esa oʻz navbatida fuqarolarning ovoragarchiligi va noroziligiga, shu bilan birga davlat organlariga nisbatan salbiy qarashiga sabab boʻlmoqda.
Shu bois, Agentlik Davlat хizmatlari markazlari tomonidan «mahalladan ma’lumotnoma» berilmasligini rasman e’lon qiladi. Ular orqali avvallari Ichki ishlar vazirligi tomonidan taqdim etilgan manzil-ma’lumot aхborotlari beriladi. Mazkur hujjat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan berilgan ma’lumotnomadan tubdan farqlanadi.
! Yashash joyidan ma’lumotnomani taqdim etish talab qilingan fuqarolar quyidagi ishonch telefonlariga murojaat qilishlari mumkin:
- Adliya vazirligi huzuridagi Davlat хizmatlari agentligi – 1148;
- Adliya vazirligi – 1008.