Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisini 30 noyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Majlisda dastavval mamlakatimiz tariхida ilk bor qabul qilingan «2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi Qonun muhokama qilinadi (batafsil bu yerda).
Shuningdek, «Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida»gi (yangi tahrirdagi), «Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida»gi, «Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida»gi, «1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga doir Bayonnomani (Moskva, 1997 yil 28 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonunlar koʻrib chiqiladi.
Kun tartibi doirasida «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitiladi. Senatorlar tadbirkorlik sub’yektlarini tugatish tartibi takomillashtirilishi, bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga qaratilgan qonunlarni koʻrib chiqadilar.
Samarqand shahri va Samarqand tumani chegaralarini oʻzgartirish, Vazirlar Mahkamasiga bojхona organlari tomonidan qonun hujjatlarining ijro etilishi holati, arzon uy-joy qurilishi, gaz va elektr ta’minoti bilan bogʻliq parlament soʻrovlarini yuborish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilmoqda.