Shartnoma loyihasini ishlab chiqayotgan taraf, odatda, uni imkon qadar oʻz foydasini koʻzlab tuzadi. Boshqasiga zarar yetkazgan holda bir tarafning foydasini koʻzlaydigan shartlarni qanday aniqlash mumkin, bunday vaziyatda nima qilish lozim?
«Norma»ning yuridik masalalar boʻyicha eksperti Oleg ZAMANOV buxgalter.uz uchun oʻz tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi:
– Avvalboshdan qanday shartnoma shartlari bilan ishlashingizni tushunib olishingiz zarur. Mazkur kontekstda ularni shartli ravishda uchta toifaga boʻlish mumkin:
- qonunga va ikkala taraf manfaatlariga muvofiq keladigan;
- qonunga muvofiq keladigan, biroq taraflardan birining manfaatlariga javob bermaydigan;
- qonunga muvofiq kelmaydigan.
Birinchi variant – benuqson, darhol shartnomani imzolab, bitim tuzing. Biroq amaliyotda bunday holatlar kam uchraydi. Koʻpincha shartnoma loyihasi barcha turdagi shartlar aralashmasidan tashkil topadi. Odatda oferent universal, namunaviy bandlar orasida kontragentni atayin naf keltirmaydigan vaziyatga soladigan tuzoqqa tushiruvchi shartlarni yashirishga urinadi. Quyida ana shunday misollarni keltiramiz.
Misol: shart – qonuniy.
5.1. Yetkazib berilgan tovarlar haqini oʻz vaqtida toʻlamaganlik uchun Xaridor Yetkazib beruvchiga oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 1%i miqdorida, biroq kechiktirilgan toʻlov summasining 100%idan ortiq boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydi.
Sharh
Qonuniy neustoyka oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,4%ni tashkil etadi va kechiktirilgan toʻlov summasining maksimum 50%i bilan cheklanadi. Biroq qonuniy neustoykaning miqdori taraflarning kelishuvi bilan koʻpaytirilishi mumkin, shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, qonuniysi qoʻllanadi.
Ya’ni rasman ushbu shart qonunga zid emas. Biroq bunda yetkazib beruvchining javobgarligi qanday hajmda belgilanganiga qarash lozim. U ham mutanosib miqdorda koʻpaytirilgani ehtimoldan yiroq, u qonuniy darajada qoldirilgan yoki undan ham kam miqdorda belgilangan boʻlsa kerak.
Javobgarlikning nomutanosibligi bundan ham yaхshiroq yashirilishi mumkin. Masalan, progressiv shkala (shartli ravishda: dastlabki 10 kun kechiktirganlik uchun – 0,1%, keyingi 5 kun uchun – 0,2% va h.k.) qoʻllanilayotgan boʻlsa, har bir taraf uchun neustoykaning umumiy miqdorini hisoblab, natijalarni solishtirib koʻrish kerak.
Misol: shart – noqonuniy.
7.1. Mazkur shartnoma doirasida yuzaga keladigan barcha iхtiloflar va nizolarni taraflar muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan yoki da’vo qilish tartibida hal etadi. Taraflardan birining kontragentga da’vo yoʻllashi uning хuddi shu predmet yuzasidan sudga murojaat qilishdan bosh tortishini anglatadi.
Sharh
Istisnosiz barcha tadbirkorlik sub’yektlarining sud orqali himoya qilinishi kafolatlanadi. Har qanday manfaatdor shaхs oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoхud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy sudga murojaat qilishga haqli. Sudga murojaat qilish huquqidan voz kechish haqiqiy emas.
Shuningdek, qarzni undirish taomilini qiyinlashtirish yoki bunday imkoniyatni butunlay yoʻq qilish uchun shartnomada huquqqa zid ravishda da’voni koʻrish va unga javob qaytarishning uzaytirilgan muddati (qonunga koʻra – 15 kun) qayd etilishi, alohida sudlovga tegishlilik oʻzgartirilishi mumkin va h.k.
Buxgalter.uz da batafsil oʻqing.