Toshkent davlat stomatologiya instituti (TDSI) Janubiy Qozogʻiston tibbiyot akademiyasi bilan qoʻshma fakultet tashkil etish boʻyicha shartnoma imzoladi, deb хabar berdi institut matbuot хizmati.
Fakultet 2020/2021 oʻquv yilidan Janubiy Qozogʻiston tibbiyot akademiyasida oʻz faoliyatini boshlaydi, ta’lim jarayoni kredit–modul tizimi asosida amalga oshiriladi.
TDSI pedagoglari Qozogʻiston oʻqituvchilariga oʻquv jarayonini tashkil etish boʻyicha uslubiy yordam beradilar, ma’ruza va seminar mashgʻulotlarini oʻtkazishga koʻmaklashadilar, talabalarning oʻquv-ilmiy dasturlarida ishtirok etadilar.
TDSI ellikka yaqin nufuzli OTMlari - Moskva davlat tibbiyot stomatologiya universiteti, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti, Orenburg davlat tibbiyot universiteti, Ternopol milliy tibbiyot universiteti bilan hamkorlik boʻyicha memorandum imzolagan.
Qoʻshma fakultetlar talabalari dastlabki 2 yil mamlakatimizda ta’lim oladilar, oʻqishni esa hamkorlik qilayotgan OTMlarda tugallaydilar. Bitiruvchilar ikkita OTM diplomini oladilar.