Qonunchilik palatasi deputatlari 21 noyabr kuni sud majlislarini namoyish etish toʻgʻrisidagi tuzatishlarni ikkinchi oʻqishda qabul qildilar.
Sud majlislarini radioda, televideniye, internet orqali toʻgʻridan-toʻgʻri onlayn translyatsiya qilishga ruхsat etiladi. Bu fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari boʻyicha sud majlislariga taalluqlidir. Bunda koʻrib chiqilayotgan ishlar boʻyicha taraflarning fikri inobatga olinadi va raislik etuvchining ruхsatini olish zarur boʻladi (shuningdek uning tashabbusiga koʻra).
Eslatib oʻtamiz, deputatlar avvaliga ushbu qonun loyihasini rad etdilar, chunki ishlab chiquvchi – Oliy sud tomonidan protsess ishtirokchilarining manfaatlari hisobga olinmagan edi. Dastlabki variantda translyatsiya qilinishi taraflarning roziligi asosida emas, balki faqatgina sudning ruхsati bilan amalga oshirilishi nazarda tutilgan edi. Parlament a’zolari bu milliy qonunchiligimiz, an’analarimiz va qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmaydi deb e’tirof etdilar. Deputatlarning pozitsiyasi – aybsizlik prezumpsiyasi, jarayonning хolisligi, uning ishtirokchilari sha’ni va qadr-qimmati hatto sud tizimining transparentligi foydasiga boʻlsa ham buzilmasligi lozim.
Oliy sud qonun loyihasi birinchi oʻqish jarayonida qabul qilinguniga qadar uning matniga tuzatishlar kiritish huquqidan foydalangan holda ziddiyatlarni bartaraf etgandan keyin deputatlar 6 noyabr kuni tuzatishlar kiritilgan hujjatni ma’qulladilar. Hujjatni ikkinchi oʻqishga tayyorlashda havolaki normalar chiqarilib, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan moddalar kiritildi.
Bundan tashqari tuzatishlar qatoridan – jinoyat protsessi ishtirokchilariga elektron murojaatlar qilish va ma’muriy ishlarni elektron formatda shakllantirish huquqi berilishi ham oʻrin olgan.