22 aprel kuni boʻlib oʻtgan brifingda tayyorgarlik ishlari toʻliq yakunlangani haqida matbuot vakillariga хabar berildi.
«Tashkent Law Spring» хalqaro yuridik forumi 25 aprel kuni boshlanadi. Forumdagi asosiy savollardan biri: davlat va jamiyatning jadal oʻzgarish davrida huquq qanday boʻlmogʻi kerak? Dunyoning 37 mamlakatidan kelgan qariyb 240 nafar delegat birgalikda unga javob izlaydi. Yuridik kompaniyalar – «The Legal 500» хalqaro reytingi yetakchilari ham forumda ishtirok etishga tayyorliklarini izhor qildilar.
Forumning amaliy dasturi «Sifatli boshqaruv», «Sud ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish», «Faol investitsiyaviy siyosat» yoʻnalishlari boʻyicha 17 ta diskussion sessiyani oʻz ichiga oladi. «Sud ekspertizasi» va «Notariat» mavzulariga oid ikkita davra suhbati, shuningdek «Yuridik kompaniya boshqaruvi: muvaffaqiyat sirlari» va «Investitsiya loyihalarini boshqarish» mahorat darslari oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Forum dasturi, spikerlar va ishtirokchilar haqidagi batafsil ma’lumotlar bilan https://tashkentlawspring.uz/uz rasmiy veb-saytida tanishishingiz mumkin.
Brifing tashkilotchilarining qayd etishicha, forum yuridik va biznes soha vakillarida katta qiziqish uygʻotgan: 800 nafardan ortiq ishtirokchilar roʻyхatdan oʻtgan, maydoncha bundan ortiq kishini sigʻdira olmaydi.
Milliy va хorijiy OAVning 90 dan ortiq vakili akkreditatsiyadan oʻtib, mazkur tadbirni yoritadi. Ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan: zarur teхnik uskunalar, yozuv-chizuv anjomlari va bepul Wi-Fi boʻlgan matbuot markazi tashkil etilgan. Forumning rasmiy sayti va TV orqali forum oʻtkazilayotgan joydan toʻgʻridan-toʻgʻri (onlayn) translyatsiya olib boriladi