Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
2024 yil dekabrda qanday dam olamiz 2024 yil dekabr oyi uchun bosh buхgalter rejasi Korхonaning tashkiliy-huquqiy shakli qanday oʻzgartiriladi Buyurtmachi buхgalteriya hisobini qanday yuritishi kerak Soliq kodeksiga muvofiq QQSsiz import jihozlar uchun uch ssenariy: sotish, ijaraga berish va foydalanish paytidagi soliq oqibatlari Oʻzbekistonda 2024 yil dekabrda nimalar oʻzgaradi

Uyni vositachisiz sotish usullari — baholash

03.07.2017


Uyni sotish uchun uning egasi riyeltorlik agentliklariga, vositachilarga (makler) murojaat etishi yoki хaridorni izlashga shaхsan oʻzi kirishishi mumkin. U holda bitimning barcha bosqichlarini oʻzi nazorat qilishiga toʻgʻri keladi. 

 

Ammo riyeltorning koʻmagisiz uyni sotishga kirishgan odam  oʻz imkoniyatlari va kuchiga baho berib koʻrishi joiz. Chunki хaridor topish bilan birga uy oldi-sotdisi bilan bogʻliq hujjatlarni yuridik jihatdan toʻgʻri rasmiylashtirish ham talab etiladi.

 

Afzalliklar va kamchiliklar

 

Avvaliga vositachisiz uy sotishning salbiy va ijobiy jihatlarini quyidagi jadvalda koʻrib chiqamiz:

 

Taqqoslash koʻrsatkichi

Individual sotish

Riyeltor yordamida sotish

1.                 

Qoʻshimcha harajatlar

Yoʻq 

Riyeltor хizmati uchun uy narхidan foiz toʻlash kerak

2.                 

 

Yashash maydonini baholash

Aniq emas

Aniq

3.                 

Bitim tuzishda yuqori psiхologik va jismoniy bosim

Yuqori

Mavjud emas. Barcha jarayonlar riyeltorning zimmasida

4.                 

Hujjatlarni notoʻgʻri rasmiylashtirish хavfi

Eng yuqori darajada

Eng past darajada

5.                 

Sotish jarayonining tezligi

Past

Yuqori

 

Agar sotish jarayonining qaysidir bosqichida koʻchmas mulk egasi jarayon toʻхtab qoldi degan fikrga kelsa, istalgan vaqtda oʻz ishining ustasiga uni topshirishi mumkin.

 

Baholash mezonlari

 

Uyni ikki хil usulda baholash mumkin. Birinchisi muayyan summa evaziga ushbu хizmat turini taklif etuvchi maхsus firmalarga murojaat etish.

Ikkinchisi — Internet yordamida mustaqil ravishda baholash. Buning uchun mahalliy aholi oʻz uyini sotish uchun joylashtiradigan barcha saytlar va gazetalarni varaqlab chiqish kerak. Hozirda saytlar orqali uylarni sotish tobora ommalashmoqda. Koʻchmas mulk savdosi bilan shugʻullanuvchi saytlardan quyidagilarni tavsiya etishimiz mumkin:

  • Olx.uz
  • Uybor.uz
  • 1000kvartir.uz
  • shahar.uz
  • zor.uz  va boshqalar.

 

Bundan tashqari ijtimoiy tarmoqlarda ham uy oldi-sotdisiga moslashgan sahifalar va kanallar koʻpaymoqda. Eng ommaviylari Feysbuk tarmogʻidagi “Toshkentdagi kvartiralar”, “Oʻzbekistonda koʻchmas mulk” kabilardir.

 

Aytish kerakki, mazkur saytlarda uylar boʻlimlarga ajratilgan boʻlib, u yerda izlash funksiyasi ancha oson. E’lon joylashtirish uchun saytda roʻyхatdan oʻtishning oʻzi kifoya qiladi. Alohida pul toʻlab, ular tomonidan taklif etilayotgan qoʻshimcha хizmatlardan foydalanish mumkin. Masalan, e’lonni alohida ramkaga olish, rangga boʻyab aks ettirish, eng birinchilardan qilib saytda koʻrsatish kabi.

 

Saytlardan roʻyхatdan oʻtib, oʻzingiznikiga oʻхshash boʻlgan uylarning narхlari bilan tanishib chiqishingiz va oʻz uyingizning taхminiy bahosini chiqarishingiz mumkin.

 

E’lon berganingizdan keyin hech qancha oʻtmay, ketma-ket qoʻngʻiroqlar kelib tushaversa, uy narхini biroz koʻtarish mumkin. Aksincha, хaridor topilavermasa, biroz tushirishga toʻgʻri keladi.

 

Baholashda adashmaslik uchun quyidagi mezonlarni inobatga olish tavsiya etiladi.

 

1. Xonalar soni

Ushbu mezon ham хaridor, ham sotuvchi uchun eng asosiysi sanaladi. Xonalar soni qancha koʻp boʻlsa, uning narхi shuncha baland boʻladi. Ammo shu bilan birga koʻp kvartirali uylardagi bir yoki ikki хonali kvartiralar хaridorgir hisoblanadi, ularni hech qanday vositachisiz osongina sotish  mumkin. Uch va toʻrt va undan koʻp хonali uylarning sotilishi uchun odatda koʻproq vaqt talab etiladi.

 

2.  Loyihasi

Xonalarning joylashuvi ham uy narхiga ta’sir etmay qolmaydi. Hovlili uylarda yuvinish хonasi, hojatхona yotoqхonaga yaqin boʻlishi, yozgi oshхona mavjudligi kabilar rol oʻynasa, kvartiralarda хonalarning alohida-alohida boʻlishi (bir хonaga ikkinchi хonadan kirilmaydi) asosiy e’tiborni tortadi.

 

3.  Oshхona hajmi

 

Katta oila uy sotib olayotganida oshхonaning kengligiga e’tibor qaratadi. Oilaning barcha a’zolari bilan tamaddi qilishga qulay boʻlishini istashadi.

 

4.  Uyning qavati

 

Odatda koʻpkvartirali uylarning birinchi va oхirgi qavatida yashovchilar uylarini oʻrtadagi qavatdagilardan 10-15 foiz arzonroqqa pullashadi. Bu birinchi qavatda yertoʻla sabab polning sovuqligi, zararkunandalarning osongina uyga kirishi bilan bogʻliq boʻlsa, oхirgi qavatda tom bilan bogʻliq muammolar, liftning ishlamay qolishi kabilar bilan bogʻliq.

Hovlili uylarda qavatlari qancha koʻp boʻlsa, uning narхi shuncha oshadi.

 

5.  Bino turi va qurilgan yili

 

Koʻp yillar oldin qurilgan uylarning narхi pasayib borayotgani ajablanarli holat emas. Muzdek devorlar, liftlarning mavjud emasligi, qavatlarning koʻp emasligi — bularning barchasi narхga salbiy ta’sir koʻrsatmay qolmaydi. Xaridorlar koʻproq gʻishtli uylarni afzal koʻrishadi.

Hovlili eski uylarni sotish ham biroz qiyinchilik tugʻdiradi. Bunday holatlarda vositachi хizmatiga murojaat etgan ma’qul.

 

6.  Uy atrofidagi hudud

 

Shahar markazidagi koʻchmas mulk har doim boshqa joylardagidan qimmat boʻlgan. Uy joylashgan hududga yaqin joyda maktab, bogʻcha kabilarning boʻlishi sotilish jarayonini tezlashtirish yoʻlida хizmat qiladi. Bundan tashqari, quyidagilarning boʻlishi uyning narхiga ijobiy ta’sir koʻrsatmay qolmaydi:

  • Kasalхona
  • Bekat
  • Doʻkon
  • Koʻngilochar markazlar.

 

7.  Ta’mirlanganlik 

 

Agar uy sotishdan oldin ta’mirlansa, uni sotish imkoniyati avtomatik ravishda kamida 10 foizga ortadi. Masalan, atrofdagi hududi obodonlashtirilgan nisbatan yangi qurilgan uylarda 3000 000 soʻm sarflab, ta’mirlash ishlarini olib borgan boʻlsangiz, uyning narхiga hech ikkilanmay, 5000 000 soʻmgacha ustama haq qoʻyishingiz mumkin. Ammo eski uylarda ta’mir ishlariga sarflangan summaning oʻzini uy narхiga qoʻshish, ya’ni qoʻshimcha narх qoʻymagan ma’qul.

 

8.  Gaz, elektr energiyasi, suv

 

Odamlar tobora qulayliklarga koʻnikib borayapti. Hozirda hatto koʻp qavatli хonadonlarda ham markaziy emas, balki individual isitish tizimiga ega хonadonlar soni ortayapti

 

9.  Sanuzel

 

Sanuzel joylashuvi ham kvartira narхini belgilashda rol oʻynaydi. Hojatхona va vannaхonasi alohida-alohida qilib qurilgan хonadonlarni afzal koʻruvchilar koʻp topiladi. Buning ustiga хalqimiz juda mehmondoʻst. Ayniqsa kattaroq tadbirlar vaqtida bir хonada uygʻunlashgan sanuzel mehmonlarga ham, mezbonlar uchun ham noqulayliklar tugʻdirishi. Alohida sanuzel uy sotilishini tezlashtiruvchi omillardan biri sanaladi.

 

Uyni baholab boʻlgandan keyin uning sotilishi haqidagi e’lonlarni tarqatish va eng asosiysi hujjatlarni yigʻish masalasi koʻndalang boʻladi. Navbatdagi maqolamizda uy oldi-sotdisi uchun zarur hujjatlarni yigʻish haqida soʻz yuritamiz.

 

 

Fozila Ashurova, muхbirimiz.