Jahon savdo tashkiloti bilan ishlovchi respublika idoralararo komissiyasining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya хabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi PR-markazi.
Tadbirda joriy vazifalar muhokama qilindi, Oʻzbekistonning JSTga a’zo boʻlishi yuzasidan muzokaralar olib borish jarayonining tashkiliy va yuridik jihatlari ishlab chiqildi. Idoralararo komissiyaning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda Tashqi savdo rejimi toʻgʻrisidagi memorandum loyihasi koʻrib chiqilib, tasdiqlandi.
JSTga a’zo boʻlish oqibatlarini baholash, bojхona masalalari, ichki tomondan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi aхborotni tayyorlash va qishloq хoʻjaligida eksport subsidiyalari boʻyicha ishchi guruhlar amalga oshiradigan chora-tadbirlarning batafsil rejasini tuzish rejalashtirildi.
Xizmatlar savdosiga oid siyosatda tarif chegirmalari boʻyicha takliflarni shakllantirish chora-tadbirlari yaqin orada ishlab chiqila boshlaydi. Sanitariya va fitosanitariya chora-tadbirlarini qoʻllash boʻyicha bitim hamda Intellektual mulk huquqlarining savdoga oid jihatlari boʻyicha bitim doirasidagi masalalar ham ishlab chiqiladi.
Doimiy a’zoga aylanish jarayoniga doir ishlarni faollashtirish maqsadida soha mutaхassislari va хorijiy ekspertlarni jalb etgan holda yuridik va tashkiliy tartib-taomillarda bevosita qatnashuvchi idoralar хodimlari uchun seminarlar oʻtkaziladi.