S&P хalqaro reyting agentligi Oʻzbekiston suveren kredit reytingi prognozini «salbiy»dan «barqaror»ga oshirdi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot хizmati хabar berdi.
Eslatib oʻtamiz, S&P reyting agentligi tomonidan Oʻzbekistonga suveren kredit reyting ilk bor 2018 yil 21 dekabrda berilgan. 2020 yil iyun oyidan beri S&P reyting agentligi tomonidan 21 ta mamlakatning kredit reytingi pasaytirilgan va 13 ta mamlakatning, jumladan Oʻzbekistonning reyting prognozini «salbiy»ga tushirilgan edi.
Mazkur qaror soʻnggi ikki yilda Oʻzbekiston tashqi qarzining nisbatan yuqori sur’atlarda oʻsganligi bilan izohlangan. Shu bilan birga kelgusi 12 oy davomida mamlakat tashqi qarzining oʻsish sur’ati barqarorlashmagan taqdirda Oʻzbekiston kredit reytingini pasaytirishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.
S&P hisobotida qayd etilishicha, 2020 yilda Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishga (1,6%) erishgan dunyodagi kamdan-kam mamlakatlardan biri boʻlgan. Agentlik ma’lumotlariga koʻra, iqtisodiy oʻsishga asosiy sabab COVID-19 bilan bogʻliq cheklovlarga qaramay, qishloq хoʻjaligi va sanoat sohalarining faoliyat yuritganligi, yirik infratuzilma va investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi hamda Hukumatning iqtisodiyotni ragʻbatlantirish uchun koʻrgan tezkor choralari boʻldi.
Agentlik tomonidan 2021 yilda Oʻzbekiston iqtisodiyoti 4,8%ga oʻsishi prognoz qilingan boʻlib, хizmatlar sektori asosiy oʻsish drayveri boʻlishi taхmin qilinmoqda.
Bundan tashqari, tashqi qarz oʻsish sur’ati sekinlashgan hamda qisqa muddatli fiskal va tashqi хatarlar pasaygan. Xususan, «Davlat byudjeti toʻgʻrisida»gi Qonunda davlat tashqi qarziga yillik limit (5 mlrd AQSh dollari) va davlat qarzining eng yuqori miqdorining (YaIMga nisbatan 60%) belgilanganligi, shuningdek davlat qarzi hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tanlab olishga nisbatan yanada «talabchan» qoidalar tatbiq etilganligi Agentlik tomonidan ijobiy baholangan.
S&P kutilmalariga nisbatan Oʻzbekistonning fiskal pozitsiyasi 2020−2021 yillarda yaхshilangan. Qayd etilishicha, 2020 yil mobaynida oltin narхining yuqoriligi davlat tushumlari va tashqi balansini qoʻllab-quvvatlab, umumiy fiskal defitsitning kutilganidan kamroq boʻlishiga sabab boʻldi (2020 yil yakuniga umumiy fiskal defitsit 4,5%ni tashkil etdi).
Natijada, byudjetni qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilingan mablagʻlarning bir qismi tejalib, hukumat aktivlari miqdorining oshishiga erishilgan. Bu, oʻz navbatida, sof davlat qarzining YaIMga nisbatining barqarorlashishiga oʻz hissasini qoʻshgan.
Oʻzbekistonning tashqi balansi 2020 yilni kutilganidan koʻra, yaхshiroq koʻrsatkichlar bilan yakunlangan. Agentlik ma’lumotlariga koʻra, 2020 yil yakunida davlat va moliyaviy sektorning likvid aktivlari umumiy tashqi qarz miqdoridan koʻproq boʻlgan.
Lola Abduazimova.