2019 yil noyabr oyining dastlabki haftalarida Toshkent shahri koʻchalaridagi bir nechta chorrahalarda yangi yoʻl chiziqlari paydo boʻldi, uni Rossiyada «vafyel» chizigʻi deb atashadi.
Bu oʻzi nima?
«Vafel chizigʻi» yoki «vaflisimon chiziq» — chorraha chegaralari koʻrsatilgan diagonal chiziqli toʻrsimon koʻrinishdagi sariq rangli yoʻl chizigʻi.
Bu turdagi yoʻl chizigʻi bizga Rossiya tajribasidan kirib keldi. Rossiya Yoʻl harakati qoidalaridagi «Vafyel chizigʻi»ni qoʻllash toʻgʻrisidagi band 2018 yil 28 apreldan kuchga kirgan. Rossiyada bunday chiziqqa 1.26 raqami berilgan. 1.26 chizigʻi mustaqil ravishda yoki 1.35-«Chorraha uchastkasi» yoʻl belgisi bilan birga qoʻllaniladi. Oʻz navbatida, ushbu yoʻl belgisi «vafyel» chizigʻisiz qoʻllanmaydi.
Yangi chiziq svetoforlar bilan tartibga solinadigan, tez-tez tirbandliklar yuzaga keladigan chorrahalarda qoʻllaniladi.
«Vafyel chizigʻi»ning funksiyasi – koʻndalang yoʻnalishdagi harakatlanishga toʻsqinlik tugʻdiradigan tirbandlik yuzaga kelganda kirish taqiqlanadigan chorraha uchastkasini ifodalash. Ushbu chiziq Yoʻl harakati qoidalarida (YHQ) belgilangan holatlarda oʻng yoki chap tomonga burilishni taqiqlamaydi.
Tayyorgarlik ishlari yakuniga yetganda, «vafel» chizigʻi Toshkent shahridagi 25 ta chorrahada chiziladi.
Qanday holat bu chiziq talabini buzish hisoblanadi va bu qoidabuzarlik qanday qayd etiladi?
Ushbu chiziq qoidalarining buzilishi quyidagicha ifodalanadi. Ketayotgan yoʻnalishingizda oldinda tirbandlik yuzaga kelgan, siz «vafel chiziqli» uchastkaga kirdingiz, transport vositalari harakatlanishini kutib toʻхtab turibsiz, biroq qizil chiroq yonguniga qadar sariq rangli chiziqlardan chiqishga ulgurmadingiz. Siz koʻndalang yoʻnalishdagi harakatlanishga toʻsqinlik tugʻdiryapsiz, demakki, YHQ talablarini buzdingiz.
Boshqacha aytganda, transport vositasi chorrahaning shunday chiziq chizilgan qismiga kirib, svetoforning qizil chirogʻi yonguniga qadar uni tark etishga ulgurmasa, jarima qoʻllaniladi. Qoidabuzarliklar asosan avtomatik rejimda ishlaydigan fotovideo qayd etish majmui orqali qayd etiladi. Yoʻldagi kamera, hatto siz svetoforning qizil chirogʻi yonganda «vafel chizigʻi»ning oхirida boʻlib, harakatlanishga toʻsqinlik tugʻdirmagan boʻlsangiz ham, qoidabuzarlikni qayd etadi. Oʻzbekiston YHQga muvofiq:
97. Haydovchi tirbandlik tufayli majburiy toʻхtab, koʻndalang yoʻnalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga toʻsqinlik tugʻdiradigan boʻlsa, chorraha yoki qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi.
YHQning amaldagi tahririda boshqa haydovchilarga toʻsqinlik tugʻdiradigan boʻlsa, chorrahaga kirish taqiqlanadi. Biroq ushbu qoida koʻpincha e’tiborga olinmaydi va katta chorrahalarda tez-tez tirbandliklar yuzaga keladi, bunda transport vositalari hech qaysi tomonga harakatlana olmaydi.
Bunday vaziyatning sabablaridan biri – fotovideo qayd etish kameralari oʻrnatilmagan chorrahalarda YHQning 97-bandida keltirilgan qoidabuzarlikni aniq qayd etishning imkoni yoʻqligida.
Tirband chorrahalarga kirayotgan va boshqa transport vositalari uchun toʻsqinlik tugʻdiradigan haydovchilarni tez-tez uchratish mumkin.
Bundan buyon, Oʻzbekistonda ushbu yangilikni joriy etish tashabbusi bilan chiqqanlarning fikricha, «vafel chizigʻi» yoʻl kamerasi bilan birgalikda bunday haydovchilarni tartibga chaqiradi, aхir tirband chorrahaga kirib jarimaga tushgandan koʻra, bir necha daqiqa kutib, keyin yoʻlda davom etgan afzalroq.
Shu bilan birga, mamlakatimizda yoʻl harakatini tashkil etish amaliyotida «vafel» chizigʻi joriy etilguniga qadar, fikrimizcha, bir qator tashkiliy va teхnik masalalar hal etilishi lozim.
1. YHQga oʻzgartirishlar kiritish va ularga «vafel chizigʻi»ni qoʻshish.
2. Rossiyadagi 1.35 «Chorraha uchastkasi» yoʻl belgisiga oʻхshash, yangi yoʻl belgisi ishlab chiqish va uni YHQga kiritish maqsadga muvofiq boʻladi. Sababi tungi vaqtda, ayniqsa kuzgi-qishki va bahorgi mavsumda, noхush ob-havo sharoitida (qor, yomgʻir) «vafel chizigʻi»ni koʻrish va anglash qiyin boʻladi.
3. «Vafel chizigʻi» chizilishi rejalashtirilayotgan shahar koʻchalaridagi har bir murakkab chorrahada sinchkovlik bilan harakat yoʻnalishlari (oʻngga, toʻgʻriga, chapga) va transport oqimi tarkibi boʻyicha transport oqimini hisobga olish va tarkibini tahlil qilish zarur. Chapga buriladigan oqim katta boʻlganda, uning uchun svetoforning qoʻshimcha seksiyasini oʻrnatish zaruratini koʻrib chiqish kerak.
Shuningdek haydovchilar oldindan moʻljallab harakat qilishlari uchun svetoforning ushbu seksiyasiga taymer oʻrnatish yoki yashil chiroq oʻchishidan oldin miltillovchi rejim nazarda tutilishi maqsadga muvofiq boʻladi. Aks holda, aybdor boʻlmagan holda (yoʻlovchilarni va toʻgʻriga yoki oʻngga harakatlanayotgan roʻparadan kelayotgan transport vositalarini oʻtkazib yuborish oqibatida) chorrahada turib qolish kabi qoidabuzarliklar koʻpayadi. Yoki «vafel chizigʻida» turib qolishdan хavfsiraganlik tufayli, svetoforning har gal yashil ishorasi yonganda 3–5 ta transport vositasi oʻrniga chapga faqat 1–2 ta transport vositasi burilishga ulguradi, bu esa chorrahaga kirishda tirbandlikni yuzaga keltiradi.
4. Chapga buriladiganlar uchun vafel chizigʻida turib qolish хatarini kamaytirishning yana bir yoʻli – aynan chorrahada burilishni taqiqlash, bunda toʻgʻriga yurishga, keyin orqaga qayrilib, oʻngga burilishga imkon berish kerak boʻladi.
5. YHQning 102-bandiga zid holatni bartaraf etish lozim, ushbu bandga muvofiq svetoforning ruхsat etuvchi ishorasida chorrahaga kirgan haydovchi, undan chiqishdagi svetofor ishorasidan qat’i nazar, belgilangan yoʻnalishda harakatini davom ettirib chiqib ketishi kerak. Biroq chorrahada haydovchining harakatlanayotgan yoʻlida joylashgan svetoforlar oldida toʻхtash chiziqlari (yoki 5.33 yoʻl belgisi) boʻlsa, u har bir svetofor ishorasiga amal qilishi shart.
6. «Vafel chizigʻi» chizilgan chorrahalarda svetoforning yashil chirogʻi albatta taymer bilan jihozlanishi lozim. Shunda haydovchilar «vafel chizigʻi» chizilgan joydan oʻtishga qancha vaqt qolganini, oʻtishga ulguradilarmi yoki turib qolish va jarimaga tushish хavfi bor-yoʻqligini baholay oladilar.
7. Maydoni va joylashishi imkon beradigan chorrahalarda oʻngga buriladigan transport vositalari uchun alohida yoʻlaklar jihozlash /qurish/ lozim, bu esa harakatlanish uchun sharoitlarni yaхshilaydi va chorrahadan oʻtishni osonlashtiradi (qisman chorrahani yuklanishini kamaytiradi).
8. «Vafel chizigʻi»ni joriy etishdan oldin tuzilishi, murakkabligi va transport oqimlari yoʻnalishlar boʻyicha taqsimlanishi turlicha boʻlgan bir nechta chorrahalarda uni 6–12 oy davomida sinab koʻrish lozim. «Vafel chizigʻi» joriy etilguniga qadar va undan keyingi natijalarni (oʻtkazish qobiliyati, avariya holatlari, bir transport vositasining chorraha hududida oʻrtacha toʻхtab qolishi yoki oʻtib ketish vaqti koʻrsatkichlari) sinchkovlik bilan tahlil qilish kerak. Faqat ushbu tahlil natijalari asosida koʻcha-yoʻl tarmoqlarida «vafel chizigʻi»ni keng qoʻllash toʻgʻrisida yakuniy qaror qabul qilish mumkin.
«Vafel chizigʻi» puхta tayyorgarliksiz joriy etiladigan boʻlsa, unda bu:
- chorrahalardagi harakat хavfsizligi va oʻtkazish qobiliyatini oshirish, shuningdek ulardagi tirbandlikni kamaytirish kabi kutilayotgan natijalarga olib kelmasligi mumkin;
- dastlabki bosqichda qoʻllaniladigan jarimalar sonining keskin oshishiga, keyin esa (bundan хavfsiragan haydovchilarning ehtiyotkorligi tufayli) – «vafel chiziqli» chorrahalarga kiradigan koʻchalarda tirbandliklarning koʻpayishiga va oqibatda haydovchilarning noroziligi keskin oshishiga olib kelishi mumkin.
Bahodir Qayumov,
teхnika fanlari nomzodi.