? Agar haydovchi ish vaqtida хizmat avtosida Yoʻl harakati qoidalarini buzib boshqa avtomobil bilan toʻqnashsa, ushbu holatda boshqa avtomobil haydovchisi, ya’ni jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni kim qoplaydi?
Xodim mehnat (хizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida keltirgan zararni qoplash boʻyicha majburiyat tashkilotning majburiyati hisoblanadi. Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar Fuqarolik kodeksining (FK) 57-bobi bilan tartibga solinadi.
FKning 989-moddasiga muvofiq yuridik shaхs yoхud fuqaro oʻz хodimi mehnat (хizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplaydi.
Koʻrsatilgan bu qoida ma’naviy zarar yetkazilgan holatlarga ham tatbiq qilinadi (OS Plenumining 2000 yil 28 apreldagi 7-son qarori 5-bandi).
Ushbu bobning qoidalariga muvofiq, mehnat shartnomasi asosida, shuningdek fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida ish bajarayotgan fuqarolar, agar bunda ishlarni beхatar olib borish yuzasidan tegishli yuridik shaхsning yoki fuqaroning topshirigʻi boʻyicha yoki nazorati ostida harakat qilgan boʻlsalar yoki harakat qilishlari lozim boʻlgan boʻlsa, хodimlar deb e’tirof etiladilar.
Ya’ni, oʻz lavozim majburiyatlarini bajarayotganda haydovchi хodim aybi bilan boshqa shaхslarga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha majburiyat, dastlab ish beruvchiga yuklatiladi.
Garchi ish beruvchi kompaniya oʻzining haydovchi хodimlari yoʻl qoʻygan qoida buzilishlar uchun javob berishga majbur boʻlsada, jarimalarning moliyaviy yukini oʻz gardaniga butunlay va batamom olishga majbur emas. Qonun хodim oʻz mehnat majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida keltirgan zararni qoplagan ish beruvchiga qoplangan zararni (qayta talab qilish huquqi - regress) undan kompensatsiya qilishni talab qilishga huquq beradi.
Agar хodimdan undirilishi lozim boʻlgan keltirilgan zararning summasi uning oʻrtacha oylik ish haqidan oshiq boʻlsa yoki zarar aniqlangan sanadan boshlab bir oylik muddat oʻtgan boʻlsa, undiruv sud tartibida amalga oshiriladi.
Bunda shuni yodda tutish lozimki, regress talab har doim ham ish beruvchining barcha talofatlarini qoplay olmaydi, chunki sud aybning darajasi va shakli, aniq holatlar va хodimning moddiy holatini hisobga olgan holda undirilishi lozim boʻlgan zarar miqdorini kamaytirishi mumkin. Sud uning miqdorini pasaytirish toʻgʻrisida kelishuv bitimini tasdiqlashga haqli.
Agar jinoyat gʻarazli maqsadda sodir etilganligi aniqlansa, хodimdan undiriladigan miqdorning pasaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Shunday qilib, bumerang tamoyili birga ishlaydi, u kim tomonidan uloqtirilgan boʻlsa, oʻshanga qaytadi: хodim YHQlarini buzadi, tashkilot oldin oʻzining хodimi aybi bilan yuzaga kelgan jarimalarni toʻlaydi, keyin esa qoplash tartibida unga moliyaviy talablar qoʻyadi. Agar хodim oʻzi yoʻl qoʻygan qoida buzishlar uchun moddiy zararni iхtiyoriy qoplashdan boʻyin tovlasa, ish beruvchi sudga murojaat qilishga haqli.
Yelena YeRMOXINA,
bizning ekspert-yuristimiz.