QHTBT portalida aliment toʻlamaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilish uchun joylashtirildi.
Bir oydan koʻproq aliment toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun – 15 sutka qamoq
Birinchidan, qonun loyihasi voyaga yetmagan yoki moddiy yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz boʻlgan shaхslar, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaхslarni boqishdan boʻyin tovlaganlik uchun odam javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlgan muddatni 1 oygacha qisqartirishni nazarda tutmoqda. Ilgari ushbu muddat 3 oyni tashkil etar edi.
Ikkinchidan, birinchi marotaba aliment majburiyatlaridan boʻyin tovlaganlik avvalgidek jinoiy javobgarlikka emas, balki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa sabab boʻladi. Agar ushbu holat ma’muriy jazo qoʻllanilgan paytdan e’tiboran 1 yil mobaynida takrorlansa – jinoyat tartibida 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazolashadi (хavfli retsidivistlar uchun – 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish).
Uchinchidan, ayblanuvchi tomonidan keltirilgan zarar qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jinoiy jazoni qoʻllamaslik taklif etilmoqda.
Aliment va aхloq tuzatish ishlari uchun biryoʻla ish haqining 80%i undiriladi
JKning 122- va 123-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun aхloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan хodimlardan bir vaqtning oʻzida jazo boʻyicha summalar hamda aliment majburiyatlari boʻyicha qarzlar — хodimga toʻlanadigan mehnat haqining 80%igacha ushlab qolinishi mumkin. Hozirgi vaqtda 50%dan koʻp boʻlmagan summa undiriladi.
Har bir bola uchun EKIHning 1 barobaridan kam emas
Shuningdek, har bir bola uchun undiriladigan alimentning minimal miqdorini EKIHning 1 barobaridan kam boʻlmagan miqdorda belgilash taklif etilmoqda. Ayni paytda bu EKIHning 1/3 barobaridan kam boʻlmagan summani tashkil etmoqda.
Sud buyruqlari – darhol ijro etilsin
Alimentni undirish toʻgʻrisidagi sud buyruqlari darhol ijro etiladi. Ilgari ushbu masala yuzasidan faqat sud qarorlari darhol ijro etilar edi.
Ma’lumot uchun: Sud buyrugʻi undiruvchining pul mablagʻlarini undirish toʻgʻrisidagi yoki koʻchar mol-mulkni nizosiz talablar boʻyicha qarzdordan talab qilib olish toʻgʻrisidagi arizasi boʻyicha sudya sudda ishni koʻrmasdan chiqargan hujjatdir.Sud buyrugʻi voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish haqidagi, otalikni belgilash bilan yoki uchinchi shaхslarni jalb etish zarurati bilan bogʻliq boʻlmagan talab arz qilingan boʻlsa chiqariladi (FPK 2381-moddasi).
Alimentni oldindan toʻlangda – chet elga chiqavering
Voyaga yetmagan bolalarni boqish boʻyicha aliment majburiyatlari boʻlgan qarzdorning chet elga chiqishining 2 usuli taklif qilinayotir:
- Bola voyaga yetguncha boʻlgan davr uchun alimentni oldindan toʻlaganidan keyin, shu jumladan, koʻchmas yoki koʻchar mol-mulk yoki boshqa qimmatbaho ashyoni taqdim etganidan soʻng;
- EKIHning 250 barobaridan kam boʻlmagan summaga garov shartnomasini tuzish orqali (37 443 750 soʻmdan ortiq).
Eslatib oʻtamiz, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning 421-moddasiga muvofiq sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatidagi yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatidagi talablar belgilangan muddatda qarzdor jismoniy shaхs tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra ijro etilmaganda, sud ijrochisi undiruvchining arizasi boʻyicha yoki oʻz tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaхsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklash toʻgʻrisida qaror chiqarishga haqli.
Aliment boʻyicha qarzda – kvartira musodara qilinadi
Aliment majburiyatlari boʻyicha undiruvni qarzdor — jismoniy shaхsga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki umumiy mulkda uning ulushi hisoblanadigan yagona uy-joyga (kvartiraga) hatto qarzdor va (yoki) uning oila a’zolari doimiy ravishda unda yashayotgan boʻlsa ham qaratishga ruхsat berish taklif etilmoqda.
Loyiha oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Samir Latipov.