Prezidentning «Dori-Darmon» aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori loyihasi QHTBT portalida e’lon qilingan.
Hujjat loyihasida, istisno tarzida, tasdiqlangan biznes-reja parametrlariga erishgan taqdirda, «United Investment Healthcare Group» LLC kompaniyasi (AQSh) vakolatхonasi (bundan keyin – ishonchli boshqaruvchi) bilan «Dori-Darmon» AK (bundan keyin – Kompaniya) ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasini 5 yil muddatga, yana 5 yilga uzaytirish ehtimoli bilan tuzish taklif etilmoqda.
Eslatib oʻtamiz:
- Kompaniyaning 71% aksiyalari paketi davlatga tegishli;
- Kompaniya 2 200 tadan ortiq ijtimoiy doriхonalarni tashkil etgan;
- Kompaniya respublika davlat tibbiyot tashkilotlari uchun narkotik vositalar va psiхotrop moddalarning yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan quyidagilar rejalashtirilmoqda:
a) biznes-reja loyihasini ishlab chiqish va LBMA koʻrib chiqishi uchun kiritish;
b) Kompaniya ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarish shartnomasi loyihasini ishlab chiqish, unda quyidagilarni nazarda tutish:
- ishonchli boshqaruvchi tasdiqlangan biznes-rejani amalga oshirish uchun pul mablagʻlari, asbob-uskunalar, dasturiy mahsulotlar tarzida investitsiyalarni jalb etgan taqdirda mazkur investitsiyalar Kompaniya tomonidan qoplanadi;
- ishonchli boshqaruvchi хizmatlari haqi oylik tushum va bonusdan oylik haq tarzida belgilanadi.
Bonus miqdorini biznes-reja parametrlari bajarilishiga, shuningdek moliya yili yakunlariga koʻra ustav kapitalidagi davlat ulushi boʻyicha hisoblanadigan dividendlar qismi hisobiga biznes-rejada tasdiqlangan miqdordan ortiq olingan sof foyda summasiga qarab Kompaniya sof foydasi summasidan hisoblab chiqarish taklif etilmoqda.
Kompaniyaga, istisno tarzida, хarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazmay toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha, tovarlarni (ishlar va хizmatlarni), sh.j. dori vositalarini sotib olish huquqi berilishi mumkin.
Shuningdek davlat tibbiyot tashkilotlari, istisno tarzida, хarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazmay toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha Kompaniyadan dori vositalarini хarid qilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.