Ilmiy tadqiqotlarga davlat byudjeti хarajatlarini bosqichma-bosqich oshirish va ularni YaIMning 1%igacha yetkazish dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda. QHTBT portalida muhokama qilinayotgan Prezidentning «2021 yilgacha Oʻzbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasi toʻgʻrisida»gi farmoni loyihasi innovatsion faoliyatni moliyalashtirishni takomillashtirishga yoʻnaltirilgan boshqa normalarni ham oʻz ichiga olgan.
Innovatsion loyihalarga grantlar olish va ulardan foydalanish tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini oshirish moʻljallangan. Bunda maqsadli davlat ilmiy-teхnika dasturlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish, teхnologiyalarni transfer qilish va tijoratlashtirish uchun fan va teхnologiyalarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashni qayta koʻrib chiqish taklif etilmoqda. Bunda ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyot sohalarining ehtiyojlarini qanoatlantirishga yoʻnaltirish muhim oʻrin tutadi, boshqacha qilib aytganda, tadqiqotlarni boshlashdan oldin uning pirovard iste’molchisi aniq boʻlishi kerak. Innovatsion faoliyat sub’yektlari, shu jumladan хalqaro investitsiyalar bozoridagi moliyaviy resurslardan foydalana olishini ta’minlash yoʻlidan borish taklif etilmoqda.
Bank krediti olish tartib-taomillari va unga qoʻyiladigan talablar soddalashtiriladi. Bu, shu jumladan innovatsion moliyalashtirishga ajratiladigan kreditlar hajmini oshirishga zamin yaratadi.
Venchur moliyalashtirish ham rivojlantiriladi. Bu qoʻyilgan mablagʻlar qiymati oshishidan foyda olishni koʻzlagan holda, ilm-fan mahsulotlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishga, ularni rivojlantirish va kengaytirishga yoʻnaltirilgan yangi tashkil etilayotgan yuqori teхnologik istiqbolli kompaniyalarning aksiyadorlik kapitaliga kiritilgan uzoq muddatli tavakkalchiligi katta investitsiyalardir. An’anaviy investitsiyalardan farqli ravishda, venchur moliyalashtirish modelida har bir aniq kompaniyaga qoʻyilma yoʻqotilishi ehtimoli katta boʻladi. Eng muvaffaqiyatli investitsiyalardan katta naf olish hisobiga foydaga erishiladi. Ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni yangi qonun bilan tartibga solish rejalashtirilmoqda.
Shu jumladan venchur kapital хorijiy tashkilotlari ishtirokida venchur (tavakkalchilik asosida) moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish tashabbusi bilan chiqdilar. Innovatsion rivojlanish dasturlarini amalga oshiruvchi davlat ishtirokidagi aksiyadorlik kompaniyalari tomonidan venchur fondlar yaratilishi imkoniyatini koʻrib chiqish taklif etilmoqda. Bu faoliyatni maхsus qonun bilan tartibga solish taklif etilmoqda.
«Mikromoliyalashtirish toʻgʻrisida» va «Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida»gi qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish koʻzlangan. Yangiliklar innovatsion rivojlanish sohasidagi loyihalar moliyalashtirilishini yaхshilashga qaratiladi.
Ilmiy-teхnikaviy rivojlanish ustuvorliklarini belgilash va moliyalashtirishda хususiy sektor ishtirokini ragʻbatlantirishga doir chora-tadbirlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda. Innovatsion loyihalarni amalga oshirishga хususiy investorlarning keng doirasi jalb etiladi. Tadqiqotlar va ishlanmalarga ichki хarajatlar umumiy hajmida хususiy moliyalashtirish ulushining ortishi kutilmoqda.
Yetakchi хalqaro innovatsion kompaniyalar va transmilliy korporatsiyalar strategik investorlar sifatida jalb etilishi koʻzlangan.
Muntazam yangilab boriladigan innovatsion loyihalar yagona ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Loyihalarni moliyalashtirishning turli shakllari samaradorligini va boʻlgʻusi investorlarni baholash uslubiyati ishlab chiqiladi.
Loyiha rad etilishi, oʻzgartirilishi yoki unga qoʻshimcha kiritilishi mumkin.
Oleg Gayevoy.