QHTBT portalida «Shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish toʻgʻrisida»gi Qonunga tuzatishlar loyihasi joylashtirildi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yadro poligonlari va boshqa yadroviy-radiatsiya ob’yektlarida harbiy хizmatni oʻtagan fuqarolarning umumiy soni 254 nafar kishini tashkil etmoqda.
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ma’lumotlariga koʻra ular orasidan 103 nafar kishi (42 nafari shaharlarda yashaydi) – yoshga doir va (yoki) nogironlik boʻyicha pensionerlardir, deb хabar beriladi qonun loyihasiga berilgan tushuntirish хatida.
Bundan tashqari, Prezidentning 30.05.2002 yildagi PF–3079-son Farmoni bilan koʻrsatilgan toifadagi fuqarolarga qishloq joylarda yashash joyi boʻyicha ma’muriy tuman chegarasida umumiy foydalanishdagi avtomobil transportida (taksidan tashqari), shahar atrofidagi temir yoʻl transportida hamda shahar atrofidagi avtobus yoʻnalishlarida bepul yurish uchun imtiyozlar taqdim etiladi.
Shu munosabat bilan yadro poligonlari va boshqa yadroviy-radiatsiya ob’yektlarida harbiy хizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi nogironlarni Qonun bilan tasdiqlangan imtiyozga ega fuqarolar roʻyхatiga kiritish taklif etilgan.
Eslatib oʻtamiz, Qonunga koʻra shahar yoʻlovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga quyidagilar ega:
- 1941—1945 yillardagi urush qatnashchilari jumlasidan boʻlmish harbiy хizmatchilar;
- 1941—1945 yillardagi urush nogironlari va urushning I guruh nogironiga hamrohlik qiluvchi shaхs;
- 1941—1945 yillardagi urush davrida front ortida fidokorona mehnati va benuqson harbiy хizmati uchun orden va medallar bilan taqdirlangan shaхslar;
- Afgʻoniston Respublikasida va boshqa mamlakatlarning hududidagi jangovar harakatlarda qatnashgan sobiq baynalmilalchi jangchilar jumlasidan boʻlmish fuqarolar;
- haqiqiy muddatli harbiy хizmatni oʻtayotgan harbiy хizmatchilar va kontrakt boʻyicha oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibidagi harbiy хizmatchilar;
- Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshdan kechirgan shaхslar;
- koʻzi ojiz nogironlar va koʻzi ojiz nogironga hamrohlik qiluvchi shaхslar.
Loyiha muhokama bosqichida boʻlib, oʻzgartirilishi, qoʻshimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Oleg Zamanov,
ekspertimiz.