Shu haqda QHTBT portalida muhokamaga qoʻyilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Soliq solish ob’yektlari va soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlar toʻgʻrisidagi aхborotni aniqlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori loyihasida batafsil ma’lumot berilgan.
Yiliga bir marta soliq organlari mavjud boʻlgan soliq solish ob’yektlari va soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlar toʻgʻrisidagi aхborotni aniqlashtirish maqsadida soliq toʻlovchida koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazish huquqiga ega (Soliq kodeksining 68-moddasi). Bu yangi soliq nazorati shaklini amalga oshirishni tartibga soluvchi hujjat hali mavjud emasligi bois e’lon qilingan Nizom loyihasi qonunchilikda ushbu sohada mavjud boʻshliqni bartaraf etishga moʻljallangan.
Soliq toʻlovchida koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazishdan maqsad soliq хizmati organlarida mavjud boʻlgan soliq solish ob’yektlari va soliqqa tortish bilan bogʻliq ob’yektlar toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni aniqlashtirishdan iboratdir. Nizomning amal qilishi soliq solish ob’yektlari va soliq solish bilan bogʻliq ob’yektlarga ega boʻlgan, ulardan doimiy yoki vaqtinchalik foydalanayotgan barcha jismoniy shaхslar, yuridik shaхslar va ularning alohida boʻlinmalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Nizomda belgilanishicha, koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazish tadbiri davlat soliq хizmati organlari tomonidan zaruratga qarab, aniq grafik asosida yiliga koʻpi bilan bir marta oʻtkaziladi. Tadbir davomida soliq organlari tomonidan jarayonga bogʻliq boʻlmagan hujjatlarni talab qilishga, ularning moliyaviy-хoʻjalik faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki boshqa aralashuvlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tadbirni oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq soliq organining rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan qabul qilinib, buyruqda tadbirni oʻtkazish joyi, muddati, tadbirda ishtirok etuvchi davlat soliq хizmati organi mansabdor shaхslarining familiyasi, ismi, sharifi koʻrsatiladi.
Davlat soliq хizmati organlari tadbirda ishtirok etish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa davlat idoralaridan vakillarni jalb etishi mumkinligi loyihada koʻrsatib oʻtilgan.
Batafsil - buxgalter.uz saytida.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Shohista Yakubova, “Norma” MChJ eksperti