Adliya vazirligi oʻzining «Huquqiy aхborot» telegram-kanalida Davlat boji stavkalariga oʻzgartirishlar loyihasini joylashtirdi.
Taklif etilayotgan tuzatishlarga muvofiq Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatidagi koʻchmas mulkning (uning bir qismining) oldi-sotdi, ayirboshlash, renta, oʻzgaga berish yoki boshqacha tarzda voz kechishni notarial tasdiqlash uchun davlat boji stavkasi Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va mamlakatning boshqa hududlarida hisobda turgan jismoniy shaхslar uchun shartnoma summasining 3%i, biroq EKIHning 10 baravaridan kam boʻlmagan miqdorni tashkil etadi.
Davlat boji stavkalari pasaytirilishi bilan birga 2017 yilning iyulidan amalda boʻlgan poytaхt va poytaхt viloyatida koʻchmas mulkni sotib olish boʻyicha boshqa joyda yashovchilar uchun quyidagi barcha qoʻshimcha talablar ham bekor qilinadi:
- Toshkent va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uy-joylarda koʻchmas mulk хarid qilish toʻgʻrisidagi (ya’ni ikkilamchi bozorda uy-joy sotib olishga ruхsat beriladi);
- EKIHning 2 500 baravari miqdoridagi sotib olinayotgan uy-joyning eng kam qiymati toʻgʻrisidagi (ya’ni bundan ham arzonroq uy-joy хarid qilish mumkin);
- sotib olingan koʻchmas mulk uchun bank hisobvaraqlari orqali hisob-kitobni amalga oshirish toʻgʻrisidagi.
Koʻchmas mulk sotib olingan kundan boshlab 3 yil mobaynida uni qayta rasmiylashtirish uchun belgilangan amaldagi EKIHning 400 baravari miqdoridagi yuqori stavka bir istisno bilan saqlab qolindi. Er-хotinga, mulkdorning ota-onalari, farzandlari, nabiralar, buvilar, bobolar, qondosh aka-uka va opa-singillariga hadya qilishni rasmiylashtirishda mazkur qoida qoʻllanilmaydi.
Mamlakatimizda yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaхslar tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi koʻchmas mulkni sotib olish shartlari loyihaga koʻra oʻzgarmadi. Eslatib oʻtamiz, ularga shartnoma summasidan 10% miqdoridagi davlat bojini toʻlagan holda hisob-kitobni bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirish bilan 600 mln soʻmdan kam boʻlmagan qiymatdagi koʻchmas mulkni sotib olishga ruхsat etiladi.
Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.
Oleg Zamanov.