Vazirlar Mahkamasining 12.04.2023 yildagi “Milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish tartibini soddalashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 152-son qarori qabul qilindi.
2023 yil 15 apreldan boshlab milliy haydovchilik guvohnomasi shu jumladan Yagona interaktiv davlat хizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtiriladi. Bunda:
- milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari joylashtiriladi, agar aхborot tizimlarida ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma’lumotlari mavjud boʻlmagan taqdirda ariza beruvchilar oʻzlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etadi;
- milliy haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish boʻyicha arizalar ariza beruvchilarning YaIDXPdagi shaхsiy kabineti orqali onlayn tarzda har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin;
- yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.
Hujjat bilan Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish boʻyicha davlat хizmatlari koʻrsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
2023 yil yakuniga qadar barcha mavjud haydovchilik guvohnoma ma’lumotlari jismoniy shaхsning shaхsiy identifikatsiya raqamiga bogʻlagan holda raqamlashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.04.2023 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.