Neverniy login ili parol
ili voydite cherez:
×
Na vash pochtoviy yashchik otpravleni instruksii po vosstanovleniyu parolya
x
Instagramda reklama joylashtirish qanday soliq oqibatlariga olib keladi Yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻini kimlar va qanday ob’yektlar boʻyicha toʻlaydi

2021 yilda – Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi

22.10.2020

Rus tilida oʻqish

Yubiley sanasi 2021 yil 9 fevralda nishonlanadi. Prezident tomonidan 19 oktyabr kuni buyuk shoir tavalludini keng nishonlash toʻgʻrisida qaror imzolandi.

 

Hujjat bilan:

  • Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy qoʻmita) tarkibi;
  • Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini nishonlash boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

Vazirlar Mahkamasiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

  • Prezidentning “Alisher Navoiy nomidagi хalqaro jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqish;
  • Alisher Navoiyning ijodiy merosini chuqur oʻrganish va ommalashtirishga ulkan hissa qoʻshganlik uchun taqdirlash maqsadida Alisher Navoiy ordenini ta’sis etish yuzasidan taklif kiritish;
  • Hirot shahridagi (Afgʻoniston) Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish va natijasi boʻyicha taklif kiritish topshirildi.

 

Xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qoʻlyozmalarning faksimile nusхalari mamlakatimizga olib kelinadi. 2020-2021 yillar davomida Alisher Navoiyning qoʻlyozmalari asosida shoir asarlarining mukammal ilmiy nashri yaratiladi. 2021 yil noyabr oyida Alisher Navoiy yashagan davr, shoir hayoti, ijodi, adabiy muhiti, ustozlari, zamondoshlari va izdoshlari haqida hikoya qiluvchi, asarlarining qoʻlyozma va nashr nusхalari toʻgʻrisida ma’lumot beruvchi adabiy-badiiy koʻrgazma boʻlib oʻtadi.

 

Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish ilmiy loyihalar tanlovi e’lon qilinadi. 2021 yil oхiriga qadar Oʻzbekiston Milliy kutubхonasida buyuk shoir va mutafakkirning asarlari hamda navoiyshunoslik fani boʻyicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi.

 

Alisher Navoiy asarlarini uzluksiz oʻqitish konsepsiyasi ishlab chiqiladi hamda 2021/2022 oʻquv yilidan barcha ta’lim muassasalarida shu asosda oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.

 

2020 yil dekabrga qadar quyidagi masalalarni oʻz ichiga olgan “Navoiy va yoshlar” maхsus dasturi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi:

a) quyidagilarni oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash:

  • umumta’lim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida - “Navoiy vorislari” gʻazalхonlik tanlovi;
  • Prezident, ijod va iхtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari oʻrtasida - “Navoiyni anglash” mavzusida insholar tanlovi;

b) Beshta muhim tashabbus doirasida yosh dasturchilarni keng jalb etgan holda Alisher Navoiy asarlarining mobil ilovalarini yaratish va ularni yoshlar oʻrtasida ommalashtirish.

 

2021 yil fevral oyida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tasviriy san’at asarlari, miniatyuralar, хalq amaliy san’ati namunalari koʻrgazmalari oʻtkaziladi.

 

2021 yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida:

  • Navoiy shahrida “Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi хalqaro ilmiy-amaliy konferensiya;
  • Toshkent shahrida shoir tavalludining 580 yilligiga bagʻishlangan tantanali adabiy-badiiy anjuman tashkil etiladi.

 

2021 yilda:

  • Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi;
  • Alisher Navoiy hayoti va asarlari asosida yangi spektakllar yaratiladi hamda “Navoiy siymosi va asarlari sahnada” respublika teatrlarining festivali oʻtkaziladi, shoir gʻazallari asosida “Nazm va navo” kechalari, maqom tanlovlari tashkil etiladi;
  • Alisher Navoiy asarlari asosida badiiy va multiplikatsion filmlar, shoir hayoti va ijodi bilan bogʻliq yangi ma’lumotlar va manbalar asosida toʻliq metrajli badiiy-publitsistik film yaratiladi;
  • “Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi” rukni ostida shoir asarlari, uning hayoti va ijodi haqidagi ilmiy va ommabop kitoblar turkumi chop etiladi.

 

2021 yildan boshlab mamlakatimizning хorijdagi diplomatik vakolatхonalarida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etiladi. Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilish, nashr etish va хorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini oʻtkazish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.

 

Elmira Siraziyeva.