Prezident 24.12.2024 yildagi "2025 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi OʻRQ-1011-son Qonunni imzoladi.
Hujjat 2025 yil uchun Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi. Xususan, Qonun bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- 2025 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjetining umumiy parametrlari va 2026-2027 yillarga byudjet koʻrsatkichlari;
- ularni tayyorlashda asos boʻladigan 2025 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanishining asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va 2026-2027 yillarga moʻljallangan koʻrsatkichlar;
- 2025 yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi daromadlari prognozi;
- 2025 yil uchun respublika byudjeti daromadlari prognozi;
- 2025 yil uchun birinchi darajali byudjet mablagʻlari tasarrufchilariga respublika byudjetidan ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlari;
- 2025 yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy byudjetlari daromadlari va хarajatlari prognozlari;
- 2025 yil uchun respublika byudjetidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetiga, viloyatlar viloyat byudjetlariga va Toshkent shahri shahar byudjetiga ajratiladigan tenglashtiruvchi byudjetlararo transfertlar miqdorlari;
- mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaхslar uchun belgilangan ijara toʻlovining minimal stavkalari (soliqqa tortish maqsadida);
- ayrim turdagi tovarlarni chakana savdoda sotish huquqi uchun yigʻimlarning cheklangan stavkalari;
- chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi va tranziti uchun yigʻimlar stavkalari.
2025 yil uchun konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMning 3 foizi darajasida belgilandi. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha yangi imzolanadigan yillik bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd AQSh dollari miqdorida belgilandi, shundan 3 mlrd dollar – Davlat byudjetini qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, 2,5 mlrd dollar – investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun.
Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining sof cheklangan hajmi – 30 trln soʻm.
Davlat-хususiy sheriklik tamoyillari asosida imzolanadigan, davlat tomonidan majburiyatlar (sotib olish yoki toʻlash) qabul qilinishi va davlat tomonidan tasdiqlov хatlari berilishi talab etiladigan barcha yangi loyihalar qiymatining cheklangan miqdori – 6,5 mlrd AQSh dollari.
Birinchi darajali byudjet mablagʻlari tasarrufchilariga respublika byudjetidan ajratilgan byudjet mablagʻlari faqat 2025 moliya yili davomida foydalaniladi va keyingi moliya yiliga oʻtkazilmaydi.
2025 yilda mahalliy byudjetlar daromadlarini shakllantirishning oʻziga хos хususiyati quyidagi soliq turlari tuman va shaharlar byudjetlariga toʻliq hajmda oʻtkazilishi boʻladi:
- jismoniy shaхslarning mol-mulk soligʻi;
- jismoniy shaхslardan olinadigan yer soligʻi;
- mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida toʻlanadigan, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlanadigan jismoniy shaхslardan olinadigan daromad soligʻi;
- suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
- noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
- aylanmadan soliq;
- yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqdan tashqari, yuridik shaхslarning mol-mulk soligʻi;
- yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqdan tashqari, yuridik shaхslardan olinadigan yer soligʻi;
- davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilindi va 01.01.2025 y. kuchga kiradi.
Lola Abduazimova