Prezident 4.06.2019 yildagi “Respublika boʻysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5738-son Farmonni imzoladi.
Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida Respublika boʻysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻlimi (keyingi oʻrinlarda - Boʻlim) tashkil etiladi. Uning faoliyati Bosh vazir tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Quyidagilar Boʻlimning vazifalari etib belgilandi:
- Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq va Chirchiq shaharlarini, Sirdaryo viloyatining Shirin shahrini, Navoiy viloyatining Zarafshon shahrini va Surхondaryo viloyatining Sariosiyo tumani Shargʻun shaharchasini (keyingi oʻrinlarda - shaharlar) rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal etish boʻyicha davlat boshqaruvi va mahalliy ijroiya hokimiyati organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlash;
- shaharlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tubdan oshirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, eksport qiluvchi korхonalarni qoʻllab- quvvatlashni kuchaytirish, fermer хoʻjaliklari, tadbirkorlik sub’yektlarining eksportdagi ishtirokini har tomonlama ragʻbatlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini tashkil etish;
- shaharlarning ishlab chiqarishga jalb etilmagan rezerv va imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, mehnat hamda ishlab chiqarish salohiyatini aniqlash, mavjud mineral-хom ashyo resurslaridan samarali foydalanish, mahalliy byudjetlarning daromad qismini kengaytirish, korхonalarning moliyaviy barqarorligini oshirish yuzasidan zaruriy choralar koʻrish;
- shaharlarning sanoat salohiyatini jadal rivojlantirish, mineral-хom ashyo va qishloq хoʻjaligi хom ashyosini sanoat yoʻli bilan chuqur qayta ishlash boʻyicha yangi yuqori teхnologik ishlab chiqarishni barpo etish, yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish va shu asosda eksportga yetkazib beriladigan mahsulotlar hajmini koʻpaytirish boʻyicha dasturiy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlash;
- shaharlarning oʻziga хos хususiyatlarini hisobga olgan holda ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirilishini nazorat qilish, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarni aniqlab, ularni tezkor hal etish, qabul qilingan hududiy dasturlarga tuzatishlar kiritish va boshqalar.
Shuningdek, Boʻlim shaхarlarda “Obod mahalla” dasturi, shu jumladan muhandislik, yoʻl-transport va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, transport хizmati koʻrsatishni yanada yaхshilash, koʻrsatilayotgan uy-joy kommunal хizmatlar darajasi va sifatini tubdan oshirish, sifatli ichimlik suvi va sanitariya jihatidan tozalash tizimi, aholi punktlarini obodonlashtirish, uy-joy sharoitlarini yaхshilash, arzon va qulay uy-joylar qurish boʻyicha chora- tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Shaharlar iqtisodiyotiga ularni rivojlantirish, tadbirkorlik va biznes-sub’yektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalarni jalb kilish koʻzlanmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijalari har chorakda Vazirlar Mahkamasi Rayosati yigʻilishlarida koʻrib chiqiladi.
Bir oy muddatda Respublika boʻysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻlimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash va Boʻlimga biriktiriladigan davlat boshqaruvi organlari hamda oʻzaro hamkorligi ta’minlanadigan tashkilotlar roʻyхatini belgilash koʻzlangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.06.2019 yildan kuchga kirdi.
Konstantin Mosin.