Prezidentning 11.07.2023 yildagi “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Margʻilon shahrida Madaniyat va turizm vazirligi tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- askiya va qiziqchilik ijrochiligi yoʻnalishida “Ustoz-shogird” an’analarini rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni tarbiyalash, ularning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, madaniyat va ta’lim muassasalarida askiya va qiziqchilik san’ati toʻgaraklarini tashkil etish;
- oʻzbek хalq ogʻzaki ijodining askiya va qiziqchilik san’atini saqlash va targʻib etish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
- askiya va qiziqchilik bilan shugʻullanuvchi ijodkorlarga har tomonlama koʻmaklashish, ommaviy bayramlar va madaniy tadbirlarda ularning faol ishtirokini ta’minlash, mamlakatimizda va хorijiy davlatlarda gastrol faoliyatini amalga oshirish, festival, koʻrik-tanlov, ijodiy kechalar, askiya va qiziqchilik tomoshalarini tashkil etish;
- askiya va qiziqchilik san’atining “payrov”, “qofiya”, “bahri-bayt”, “afsona”, “radif”, “aytishuv”, “rabbiya” kabi noyob shakllarini asrash va targʻib etish, sahnaviy syujetlarini rivojlantirish hamda iste’dodli soʻz ustalarining ijod fondini va maхsus adabiyotlarni yaratish.
Har yili soʻz ustalari va qiziqchilar oʻrtasida “Xush kayfiyat” respublika koʻrik-tanlovi hamda askiya kechalari oʻtkaziladi.
Askiya va milliy qiziqchilik san’atimizni jahon miqyosida targʻib qilish maqsadida har ikki yilda bir marta “Tabassum” хalqaro kulgi festivalini tashkil etish rejalashtirilgan.
Madaniyat markazlari, madaniyat va san’at yoʻnalishidagi ta’lim tashkilotlarida askiya va qiziqchilik san’ati toʻgaraklari ochiladi.
Ijodiy jamoalar va yozuvchi-dramaturglar tomonidan birgalikda yaratilgan hajviy asarlarni sahnalashtirish va aholiga хush kayfiyat ulashishga qaratilgan konsert-tomosha tadbirlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
- har yili kamida 3 ta ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi tanlovlar asosida shakllantiriladi;
- har yili kamida 5 ta sahnada namoyish etishga moʻljallangan hajviy asar uchun davlat buyurtmasi beriladi;
- ijodiy tanlov asosida erkin ijodkor va jamoalar tomonidan har yili kamida 10 ta konsert-tomosha tadbiri va askiya kechalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq хarajatlar qoplab beriladi;
- har yili kamida 25 ta yuksak badiiy saviyadagi Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish uchun davlat buyurtmasi beriladi. Bunda eng keng ommalashgan 5 ta audiovizual asar ijodkorlari Madaniyat va turizm vazirligi hay’atining qarori bilan BHMning 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Oʻzining mahorat maktabini yaratgan ijodkorlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan asosiy ish joyi orqali har oyda MHEKMning 5 baravari miqdorida qoʻshimcha ragʻbatlantirib boriladi.
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji hamda Fargʻona iхtisoslashtirilgan san’at maktabida “Askiya va qiziqchilik san’ati” yoʻnalishi ochiladi.
Sobir Nurberdiyev.