Vazirlar Mahkamasining 18.08.2022 yildagi 458-son qarori bilan Davlat ekologiya qoʻmitasining Atrof muhit va tabiatni muhofaza qilish teхnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.
Hujjat bilan Institutning tuzilmasi, uning faoliyatini tashkil qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi, shuningdek 2022-2024 yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi tasdiqlandi.
Ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatining asosiy yoʻnalishlari:
- atrof muhitning joriy holatini oʻrganish, ifloslantiruvchi moddalarning bioхilma-хillikka, jumladan, noyob, yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan oʻsimlik hamda hayvon turlariga ta’sirini oʻrganish;
- yer resurslarini muhofaza qilish, yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;
- yer osti va yer usti suvlari ifloslanishining oldini olish, oqova suvlarni tozalash va qayta ishlash boʻyicha samarali usul hamda teхnologiyalarni ishlab chiqish;
- atmosfera havosining joriy holati, undagi ifloslantiruvchi moddalarning atrof muhit va tabiatga ta’sirini tahlil qilish, atmosfera havosining ifloslanishini kamaytirishni ta’minlovchi yangi, samarali uslub va teхnologiyalarni ishlab chiqish;
- maishiy va turli chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishni ta’minlovchi samarali uslub hamda teхnologiyalarni ishlab chiqish;
- “yashil” va resurs tejamkor teхnologiyalarni joriy etish va boshqalar.
Institut ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida tayanch ilmiy tashkilot va davlat buyurtmalari boʻyicha asosiy ijrochi hisoblanadi.
Institutda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi Kengash tuziladi. Institut direktori va uning oʻrinbosarlari Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. Institut direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 19.08.2022 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova.