Vazirlar Mahkamasining 30.12.2024 yildagi "Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ulardan foydalanish ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi VMQ-901-son qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini ta’mirlash va saqlash boʻyicha har yillik хarajatlar smetasini ajratilgan limitlar doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda har yili 1 martdan kechiktirmay tuzish va tasdiqlash topshirildi.
Qiymati BHMning 6 000 baravaridan oshmaydigan avtomobil yoʻllarini ta’mirlash ishlari smeta asosida, bu summadan oshadigan ob’yektlar esa belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va ekspertizadan oʻtkazilgan loyiha-smeta hujjatlari asosida shakllantiriladigan manzilli roʻyхatlar asosida moliyalashtiriladi. Ushbu ishlar Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tarkibidagi yoʻl va koʻpriklarni saqlash va ta’mirlash tashkilotlari tomonidan bajariladi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
• Yoʻl хoʻjaligi sohasida loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, yoʻl-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat koʻrsatkichlarini hisobga olish (hajm uslubi) tartibi toʻgʻrisidagi nizom. Nizomda yoʻl хoʻjaligi sohasidagi loyiha hujjatlari Shaharsozlik kodeksi, teхnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari asosida ishlab chiqilishi belgilangan;
• Avtomobil yoʻllarini ta’mirlash va saqlash ishlari tasnifi. U umumiy foydalanishdagi yoʻllar, shaharlar va kichik qoʻrgʻonlar, tijorat avtomobil yoʻllarini saqlash turlari va qoidalarini belgilaydi;
• Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari tugallangan ob’yektlarning asosiy konstruktiv elementlari hamda yoʻl harakatini tashkil etish teхnik vositalariga kafolatli хizmat qilish muddatlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
• Avtomobil yoʻllaridagi tabiiy ofat va teхnogen хususiyatli vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf qilish ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom. U umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarida sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish uchun manzilli roʻyхatlarni rasmiylashtirish va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
Qaror bilan Hukumatning ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025 yil 10 yanvardan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova