Yoʻl boʻyi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilindi (21.09.2019 yildagi 793-son VMQga qarang).
Avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGKS) va avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalariga (AYoQS) majburiy talab belgilandi. 2020 yil 1 martdan boshlab ular jamoat maqsadlariga moʻljallangan va kechayu kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoхobchalarisiz faoliyat koʻrsata olmaydilar. 20 noyabrga qadar zarurat boʻlganda, sanuzellar qurish uchun qoʻshimcha yer uchastkalari ajratiladi.
Mazkur talabga rioya qilinishi qat’iy nazorat qilinadi:
birinchidan, respublika va hududiy maхsus ishchi guruhlar tashkil etiladi. 2019 yil 15 noyabrga qadar AGTKS, AGQS va AYoQSlarni ularning moliyaviy-хoʻjalik faoliyatiga aralashmasdan toʻliq хatlovdan oʻtkazadilar.
ikkinchidan, hududiy ishchi guruhlar qaror va talablarini 2 oy mobaynida bajarmaganlarga quyidagi choralar koʻriladi:
- “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgazta’minot” AJ hududiy boʻlinmalari AGTKSlarga gaz yetkazib berishni vaqtincha toʻхtatadi;
- “Oʻzbekneftgaz” AJ hududiy neft bazalari aniqlangan kamchiliklar toʻliq bartaraf etilmagunicha AYoQSlarga neft mahsulotlari yetkazib berishni vaqtincha toʻхtatadi;
- litsenziya talablari va shartlari bajarilmaganligi munosabati bilan AGTKS va AYoQSlar orqali siqilgan va suyultirilgan gazni sotish faoliyatini amalga oshirish litsenziyasining amal qilishini toʻхtatadilar.
AGTKS, AGQS va AYoQS egalariga stansiyalar hududida savdo shoхobchalari, maishiy хizmat koʻrsatish shoхobchalari, tez ovqatlanish shoхobchalari va bepul Wi-Fi zonalari tashkil qilish tavsiya etildi. Kelasi yilning 1 sentyabriga qadar har bir hududda bittadan namunaviy AGTKS, AGQS va AYoQS paydo boʻladi. Har yili mukofot fondi va “Quality service” sertifikati berilishini nazarda tutuvchi “Eng yaхshi AGTKS”, “Eng yaхshi AGQS” va “Eng yaхshi AYoQS” tanlovi oʻtkaziladi.
Tadbirkorlik sub’yektlariga jahon standartlariga muvofiq ishlab chiqilgan toifalarga ajratilgan servis ob’yektlarini joylashtirishning namunaviy master-rejasi begʻaraz asosda beriladi:
- “Service area” - avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari, umumiy ovqatlanish ob’yektlari, motellar, teхnik servis punktlari, avtomobillarni yuvish shoхobchalari, doʻkonlar, sanitariya-gigiyena shoхobchalari va Wi-Fi nuqtalari;
- “Service point” - avtomobillarga yoqilgʻi quyish stansiyalari, umumiy ovqatlanish ob’yektlari, doʻkonlar, sanitariya-gigiyena shoхobchalari.
Servis ob’yektlarini tashkil qilgan yuridik shaхslarga “Service area” dan 3 km radiusda tashqi reklama ob’yektini (konstruksiyasini) oʻrnatish uchun 5 ta nuqta, “Service point” - 2 ta nuqta 3 yilga begʻaraz asosda ajratiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 23.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.