Prezidentning 31.01.2024 yildagi PF-24-son Farmoni bilan ayrim hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Farmonga koʻra 2024 yil 1 fevraldan ayrim toifadagi fuqarolar uchun pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori oshirildi.
Endilikda quyidagi ijtimoiy ta’minot turlarining minimal miqdori oyiga 621 ming soʻmni tashkil etadi:
- zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa fuqarolarga nafaqa;
- qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda ish staji toʻliq boʻlmaganda yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori;
- oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga nafaqa;
- boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa (keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 212 000 soʻm);
- boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori.
Mazkur miqdorlar rasmiy eng kam iste’mol хarajatlaridan kelib chiqib belgilangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 01.02.2024 yildan kuchga kirdi.