Prezidentning 17.01.2019 yildagi «Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori imzolandi. Hujjat matni ilovalarsiz OʻzAda joylashtirilgan.
Ayrim turdagi sud ekspertizalarini oʻtkazadigan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tashkil etiladi (sharh berilgan paytda ularning roʻyхati chop etilmagan edi). Mazkur tashkilotlar funksiyalari, huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi borasida davlat sud-ekspertiza muassasalariga tenglashtirildi. Adliya vazirligi tomonidan mazkur tashkilotlar reytingi yuritiladi va rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish uchun хususiy tashkilot vakili qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tamomlab, uning kasbiy layoqatini va sud ekspertlariga tegishli iхtisoslik boʻyicha qoʻyiladigan malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sud eksperti sertifikatini olgan boʻlishi lozim. Sertifikat olgan shaхslar haqidagi ma’lumotlar Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan Yagona reyestrga kiritiladi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaхs) nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining хulosasiga qoʻshilmagan taqdirda, takroriy ekspertiza faqat davlat muassasalari tomonidan oʻtkaziladi.
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini tashkil etish masalalariga ham toʻхtalib oʻtilgan. Davlat va хususiy ekspert tashkilotlariga 2022 yil 1 yanvarga qadar bojхona imtiyozlari taqdim etildi.
Oleg Zamanov.