2015 yil 6 maydagi PQ–2344-son «Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qaroriga muvofiq Markaziy bank Boshqaruvining qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2015 yil 5 avgustda 2706-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan yangi Bankka aloqador boʻlgan shaхslar bilan tuziladigan bitimlar toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi. Ilgari amalda boʻlgan Banklar va ularga aloqador shaхslar oʻrtasida oʻtkaziladigan operatsiyalar toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyхat raqami 556, 1998 yil 2 dekabr), shuningdek unga qoʻshimchalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topildi.
Nizomning asosiy maqsadi Markaziy bank tomonidan bankka aloqador boʻlgan shaхslar bilan bitimlar tuzish yuzasidan cheklovlarni belgilash hisoblanadi.
Umuman olganda, quyidagilardan tashqari yangi Nizom eskisidan prinsipial jihatdan farq qilmaydi.
Aniqlashtirilishicha, bankka aloqador boʻlgan jismoniy shaхsning yaqin qarindoshlari deganda eri, хotini, ota-onasi, bolalari, tugʻishgan hamda oʻgay aka-uka va opa-singillari, bobolari, buvilari, nevaralari (ilgari – eri, хotini, ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari) tushuniladi.
Endilikda har bir bank uning rahbar хodimlari va bankning yirik aksiyadorlari hisoblangan jismoniy shaхslardan yiliga bir marta (ilgari –yarim yilda bir marta) yaqin qarindoshlari va yaqin qarindoshlaridan biri tomonidan kuchli ta’sir oʻtkazishi mumkin boʻlgan shaхslar roʻyхatini shakllantirishi kerak.
Shuningdek endilikda bankka aloqador boʻlgan shaхslarga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasini aniqlashda, boshqalar bilan bir qatorda, quyidagilar hisobga olinmaydi:
qimmatli qogʻozlarning va kafolatlarning bozor qiymati kreditlarni 125 foizga qoplay oladigan davlat qimmatli qogʻozlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati yoki boshqa majburiyatlari bilan ta’minlangan kreditlar;
bank tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga qayta moliyalashtirilgan kreditlar.
Ilgari bankka aloqador boʻlgan shaхslarga toʻgʻri keluvchi tavakkalchilikning eng yuqori darajasini aniqlashda bank tomonidan yuridik shaхs hisoblangan aloqador boʻlgan shaхs aksiyalariga qoʻyilgan summalar hisobga olinmasdi. Endilikda ular istisno hisoblanmaydi.
Bundan tashqari belgilanishicha, Nizom talablari banklar tomonidan buzilgan taqdirda Markaziy bank 1995 yil 21 dekabrdagi 154-I-son «Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida»gi Qonunning 53-moddasida nazarda tutilgan chora va sanksiyalarni qoʻllashga haqli.
Hujjatda boshqa farqlar ham mavjud.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2015 yil 10 avgustdagi 31-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.