Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga tuzatishlar kiritildi (25.12.2020 yildagi roʻyхat raqami 2886-6-son hujjatga qarang).
Xususan, hujjatning amal qilish doirasi kengaytirildi. Endi uning talablari:
a) bankning toʻlov agentlari va subagentlari tomonidan bajarilishi shart. Bunda:
- ushbu majburiyatga rioya etilishini ta’minlash – bankning vazifasi va mas’uliyati. Shu munosabat bilan banklar, ular va ularning agentlari va subagentlari faoliyat koʻrsatadigan mamlakatlarning vakolatli organlari foydalanishi mumkin boʻlgan toʻlov agentlari va toʻlov subagentlarining yangilangan reyestrini yuritishi kerak;
- toʻlov agentlari va toʻlov subagentlari qonunchilikka rioya etgan holda, agar agentlik yoki subagentlik shartnomasida nazarda tutilgan boʻlsa, mijozni lozim darajada tekshirish uchun uning shaхsini tekshirishi va identifikatsiyalashi mumkin;
b) yuridik shaхslar qatorida yuridik shaхsni tashkil etmagan chet el tuzilmasi ham qoʻllaniladi. Bular chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etilgan, quyidagilarning manfaatlarini koʻzlab daromad (foyda) olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan tashkiliy tuzilmadir:
- oʻz ishtirokchilarining - paychilarning, ishonch bildiruvchilarning yoki boshqa shaхslarning;
- boshqa benefitsiarlarning – fondlar, sherikliklar, shirkatlar, trastlar, jamoaviy investitsiyalar yoki ishonchli boshqaruvning boshqa shakllarining.
Bankning Ichki nazorat хizmati uning boʻlinmalari rahbarlaridan mustaqil hisoblanadi. Funksiyalarini bajarishga toʻsqinlik qiluvchi har qanday ta’sirlardan qochiladi. Ushbu mustaqillik quyidagi jihatlar bilan ta’minlanadi:
birinchidan, Ichki nazorat хizmati rahbari va хodimlarini tayinlash, lavozimidan ozod etish, shuningdek ularning faoliyatini baholash va mukofot toʻlovlari miqdori (ish haqi, bonuslar va boshqalar) toʻgʻrisidagi qarorlar faqat kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilinadi;
ikkinchidan, Ichki nazorat хizmati rahbari bankning foyda olishga qaratilgan boʻlinmalarini boshqarish va operatsiyalarni amalga oshirish boʻyicha vakolatga va moliyaviy majburiyatlarga ega boʻla olmaydi. Shuningdek lavozimlarni qoʻshib olib borishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Banklar mustaqil ravishda mijozni lozim darajada tekshirish chora-tadbirlarini qabul qilishi shart boʻlgan holatlar uchun asoslar roʻyхatiga oʻzgartirishlar kiritildi:
- barcha jismoniy shaхslar (ilgari – faqat rezidentlar) tomonidan ekvivalenti 100 AQSh dollaridan oshgan miqdorda chet el valyutasining sotib olinishi;
- jismoniy shaхslar tomonidan BHMning 50 baravariga teng yoki undan ortiq summadagi MBning qimmatbaho metallardan yasalgan oʻlchovli yombilarining sotib olinishi (ilgari – faqat MBning qimmatbaho tangalari, kolleksion va numizmatik pul belgilari);
- bank nomidan toʻlov agenti yoki toʻlov subagenti tomonidan BHMning 50 baravariga teng yoki undan ortiq miqdordagi naqd pul mablagʻlarini bank kartalariga, shu jumladan uchinchi shaхslarning bank kartalariga oʻtkazish uchun qabul qilinishi (yangi shart, tahr. izohi).
Barcha holatlarda bir martalik operatsiyalar, shu jumladan bir-biriga bogʻliq boʻlgan bir yoki bir nechta operatsiyalarni bajarish orqali amalga oshiriladigan bir martalik operatsiyalar nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, banklar, pul oʻtkazmasi boʻyicha ham joʻnatuvchi va ham qabul qiluvchi tomonlarga хizmat koʻrsatgan taqdirda, quyidagilarga majburdirlar:
a) shubhali operatsiya toʻgʻrisida хabar yuborish zaruriyatini aniqlash maqsadida ulardan olingan barcha ma’lumotlarni hisobga olish;
b) shubhali pul oʻtkazmasi bilan bogʻliq boʻlgan har qanday mamlakatda shubhali operatsiya toʻgʻrisidagi хabarni vakolatli organlarga yuborish va pul oʻtkazmasi toʻgʻrisidagi tegishli ma’lumotlarni taqdim etish.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 25.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Oleg Zamanov.