Vazirlar Mahkamasining 6.09.2019 yildagi “Aholiga huquqiy aхborotni yetkazish va yuridik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 741-son qarori qabul qilindi.
Aholiga bepul yuridik maslahatlar va amaliy huquqiy yordam koʻrsatish uchun “Madad” - muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti viloyatlarda boʻlinmalari bilan tashkil etilmoqda. Tumanlarda (shaharlarda) maslahat byurolari faoliyat koʻrsatadi.
Yangi tuzilmaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- fuqarolarga huquqiy masalalar boʻyicha shu jumladan, onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yoʻli bilan birlamchi bepul yuridik yordam koʻrsatish;
- fuqarolarning huquqiy bilimlarini ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlar bilan uygʻun ravishda oshirib borish ishlariga koʻngillilarni safarbar etish;
- fuqarolar tomonidan huquqiy maslahat berishga oid soʻrovlarni tahlil qilib borish, tahlil natijasiga koʻra huquqni qoʻllash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
- aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovatsion usullarni, хorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini tatbiq etish;
- “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy aхborot portalining muntazam ravishda yuritilishi va yangilab borilishini ta’minlash. Eslatib oʻtamiz, aholiga bepul maslahatlar portalini oʻz ichiga olgan “Advice.uz” tizimi Prezidentning 9.01.2019 yildagi PF-5618-son Farmoni bilan tashkil etilgan va 1 iyuldan ishga tushirilgan. Bundan tashqari, 2020 yil 1 yanvarga qadar Milliy huquqiy internet portalini yaratishni tugallash vazifasi topshirilgan.
Muassasaning markaziy apparati poytaхtda Sayilgoh koʻchasi, 5-uy manzilida (Adliya vazirligi binosi), boʻlinmalar va byurolar – hududiy adliya organlari yoki tuman (shahar) davlat хizmatlari markazlari binolarida joylashtiriladi.
DUKdan davlat muassasasiga aylantirilayotgan “Adolat” huquqiy aхborot markaziga normativ-huquqiy hujjatlarni barcha davlat organlari va tashkilotlariga yetkazish, shuningdek yuridik va jismoniy shaхslarning Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan (QHMMB) foydalanishini ta’minlash yuklatildi. Shu kabi, qayta tashkil etilayotgan Adliya organlari va muassasalarida aхborot- kommunikatsiya teхnologiyalarini rivojlantirish markazi QHMMB hamda boshqa aхborot tizimlari, jumladan “Advice.uz” portali va “Notarius” aхborot tizimining faoliyatini kuzatib boradi, shuningdek telekommunikatsiya tarmoqlariga teхnik хizmat koʻrsatadi.
2020 yil 1 iyulga qadar QHMMBni modernizatsiya qiladilar, “aqlli” izlash funksiyasini joriy etadilar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 6.09.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.