1 martdan boshlab binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini berish amaliyoti 3 yilga joriy etiladi. Tartib Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi 74-son qarorida qayd etilgan.
Oʻzbekiston milliy universitetiga (keyingi oʻrinlarda - OʻzMU) tajriba davomida binar (ikkitalik) himoya tizimi asosida dissertatsiya himoyasini tashkil etishi hamda ilmiy darajalarni talabgorlarga mustaqil berish huquqi taqdim etildi.
Tajriba maqsadi – doktorlik dissertatsiyalaridagi ilmiy natijalarni amaliyotga tezkor joriy etish, yoshlarning ilmiy faoliyatga qiziqishlarini oshirish va ragʻbatlantirish. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tajriba oʻtkazilishini nazorat qiladi.
Yangi tizim keyinchalik oʻtkazilgan tajriba natijalariga qarab uch yil oʻtgach tatbiq etilishi kutilmoqda.
Binar (ikkitalik) himoya tizimida muayyan fan tarmogʻi boʻyicha bitta dissertatsiyani ikki nafar tadqiqotchi himoya qiladi. Binobarin ulardan bittasi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlishi lozim. Unga himoya natijalariga koʻra fan doktori (DSc) ilmiy darajasi beriladi. Ilmiy darajaga ega boʻlmagan ikkinchi talabgorga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi beriladi.
«Binar» dissertatsiyaning majburiy talabi – tadqiqotning ilmiy natijalari boʻyicha iхtiroga patentlar yoki seleksiya yutuqlarining amaliyotga joriy etilishi. Shuningdek ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etgan tashkilotning хulosasi taqdim etilishi lozim, unda tajriba tariqasidagi sinovdan olingan yoki kutilayotgan natija koʻrsatiladi. Bundan tashqari, talabgorlar tomonidan doktorlik ilmiy darajasiga talabgorlar uchun amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan barcha talablar bajarilishi lozim.
Dissertatsiyani himoya qilish uchun tadqiqotchilar ish olib borgan oliy oʻquv yurti yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi tomonidan OʻzMU huzurida faoliyat koʻrsatayotgan Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashga ariza va belgilangan hujjatlar topshiriladi. Dissertatsiya ilmiy natijalar joriy qilingan tashkilot rahbari va vakillari ishtirokida OʻzMU kengashida muhokama qilinadi. Muhokama natijasiga koʻra ilmiy darajalar berish toʻgʻrisida qaror chiqariladi. Soʻngra doktorlik ilmiy darajalarida tasdiqlangan talabgorlarga davlat namunasidagi diplomlar uch ish kuni ichida rasmiylashtiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 10.02.2020 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.