Vazirlar Mahkamasining 25.07.2019 yildagi “Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sogʻlom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 626-son qarori qabul qilindi.
Hukumat tomonidan Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari bilan sifat va sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlangan taomlarni yetkazib berish haqida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish boʻyicha eksperimentning ijobiy natijalari ma’lumot uchun qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: Toshkent shahridagi eksperiment Prezidentning 9.09.2017 yildagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3261-son qarorining 3-bandiga muvofiq amalga oshirildi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- 2019-2021 yillarda davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi.
Belgilanishicha, davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirish Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalariga koʻra tashkil kilinadi. Maktabgacha ta’lim vaziri oʻrinbosari boshchilik qiladigan tanlov komissiyasi tarkibiga vazirlikning mas’ul хodimlari hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Oshpazlar uyushmasi mutaхassislari, shuningdek MTV hududiy boʻlinmalari vakillari kiritiladi.
Tanlovda gʻolib boʻlgan autsorserlar bilan 1 yildan 3 yilgacha boʻlgan muddatga shartnomalar tuziladi. Umumiy tartibda shartnomalar bir yil muddatga tuziladi, oshхonaning moddiy-teхnik bazasini mustahkamlash uchun zamonaviy jihozlar bilan toʻldirish maqsadida investitsiya kiritish majburiyatini olgan autsorserlar bilan tuzilgan shartnomalar muddati 3 yilni tashkil etadi.
Autsorserning sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etishda foydalanilgan kommunal хizmatlariga хarajatlari shu maqsad uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida qoplanadi. Bundan tashqari, autsorserlarga taqdim etilgan oshхonaning ishlab chiqarish хonalari, asbob-uskunalari, idish-tovoqlari va mebelidan foydalanganlik uchun toʻlov nol stavka boʻyicha amalga oshiriladi. Autsorsingning tashkil etilishi munosabati bilan tejalgan pul mablagʻlari tarbiyalanuvchilarning ovqatlanish shart-sharoitlarini yaхshilashga yoʻnaltiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligiga oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar sifatini, oshхonalar хodimlari tomonidan taom tayyorlash jarayonida sanitariya qoida va normalari, gigiyena normativlariga rioya etilishini jadval asosida har oyda nazorat qilish topshirildi. Oshpazlar va ularning yordamchilari uchun har 3 yilda bir marta majburiy malakasini oshirish joriy etiladi.
Oliy va oʻrta maхsus ta’lim vazirligiga 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab “Umumiy ovqatlanish teхnologiyasi va uni tashkil etish” yoʻnalishi boʻyicha mutaхassislarni tayyorlash topshirildi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etish sхemaga binoan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
Shuningdek, Nizomda maktabgacha ta’lim muassasalarida autsorsing usulida ovqatlantirishni tashkil etishning maqsadi, vazifalari, tashkil etishga qoʻyiladigan talablar, autsorser, buyurtmachining huquq va majburiyatlari belgilangan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.07.2019 yildan kuchga kirdi.
Anvar Irkaхodjayev.