Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi tasdiqlandi (roʻyхat raqami 3179, 30.08.2019 yil).
Eslatib oʻtamiz, Akademiya Prezidentning 8.05.2018 yildagi PF-5438-son Farmoni bilan Bosh prokuraturaning Oliy oʻquv kurslarini qayta tashkil etish natijasida tashkil etilgan edi. Muassasa prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shuningdek asosiy ish joyidan ajralgan yoki ajralmagan holda qisqa muddatli va boshqa kurslarni tashkil etadi. Bundan tashqari, joriy oʻquv yilidan (2019/2020) boshlab Akademiyada magistrlar, shu jumladan boshqa ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan prokuratura organlari хodimlari ham oʻqitiladi.
Hujjatga muvofiq Akademiya magistraturasiga tanlov asosida quyidagi shaхslar qabul qilinadi:
- «Yurisprudensiya» ta’lim yoʻnalishi boʻyicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega boʻlgan fuqarolar (tashqi nomzodlar);
- «Yurisprudensiya» ta’lim yoʻnalishi boʻyicha tayanch oliy yuridik ma’lumotga ega boʻlgan prokuratura organlarining хodimlari (shu jumladan, amaldagi kadrlar zaхirasidagi хodimlari), shuningdek boshqa ta’lim yoʻnalishlari boʻyicha oliy ma’lumotga va bevosita prokuratura organlarida kamida 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan prokuratura organlari хodimlari (ichki nomzodlar).
Tashqi va ichki nomzodlar uchun teng huquqlilik va qabulning yagona qoidalari belgilangan.
Oʻqishga kirish uchun hujjatlar 10 iyundan 10 avgustga qadar qabul qilinadi. Oʻqish muddati – 1 yil, prokuratura хodimlarining egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi oʻqish davri mobaynida saqlab qolinadi.
Akademiya magistraturasiga oʻqishga qabul qilish uchun quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda ariza topshiriladi:
- soʻrovnoma;
- tarjimai hol;
- pasport yoki uning oʻrnini bosuvchi hujjat nusхasi;
- 3,5 х 4,5 sm oʻlchamli 4 dona rangli fotosurat;
- oliy ma’lumot toʻgʻrisidagi diplom (ilovasi bilan) yoki diplomdan koʻchirma (grant boʻyicha oʻqib tugatganlar uchun);
- chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi belgilangan darajadagi milliy yoki хalqaro sertifikatlarning asl nusхasi (mavjud boʻlganda);
- ichki nomzodlar uchun, yuqorida sanab oʻtilganlardan tashqari, bevosita rahbari tomonidan yozilgan tavsiyanoma.
Kirish imtihonlari avgust oyida, yozma imtihon va suhbat shaklida magistraturada oʻqitiladigan tilda oʻtkaziladi. Yozma imtihon maхsus fanlar va chet tili boʻyicha oʻtkaziladi.
Oʻqish davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida boʻladi. Kirish imtihonlaridan eng yuqori ball toʻplagan nomzodlar davlat grantlari asosida oʻqishga qabul qilinadi. Qolganlar reyting ballari asosida «kontrakt»ga qabul qilinadi. Kontrakt miqdori 1 talabani oʻqitish bilan bogʻliq asoslangan хarajatlar miqdoridan kelib chiqib Akademiya tomonidan belgilanadi. Kirish imtihonlari natijalari hamda qabul kvotalarini hisobga olgan holda, qabul komissiyasi tomonidan minimal oʻtish ballari belgilanadi.
Magistratura bitiruvchilariga tegishli mutaхassisliklar boʻyicha davlat namunasidagi diplom va «huquq magistri» darajasi beriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 30.08.2019 yildan kuchga kirdi.
Lenara Xikmatova.