Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining qoʻshma qarori (Adliya vazirligi tomonidan 2016 yil 14 yanvarda 2751-son bilan roʻyхatdan oʻtkazilgan) bilan Bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan хizmatlar qiymatining yangi minimal miqdorlari belgilandi.
Eslatib oʻtamiz, koʻrsatilgan toʻlovlarning minimal miqdorlari 2010 yil 26 apreldagi PQ–1326-son «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Prezident qaroriga muvofiq har yili belgilanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ham hududiy moliya va soliq organlari bilan kelishilgan holda bozorlar va savdo komplekslarining ma’muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan хizmatlar qiymati miqdorlarini Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan minimal miqdorlardan past boʻlmagan miqdorda har yili tasdiqlaydilar.
Hujjat davlat tilida qabul qilingan.
Qaror Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplamining 2016 yil 18 yanvardagi 2-sonida rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Mazkur hujjatning matni bilan, u bilan bogʻlangan boshqa qonun hujjatlariga sharhlar va izohlar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
«Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yangi» sharhini
ekspert-yuristimiz Sardor JUMAShOV
tayyorladi.