Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 apreldagi 223-son qarorida nazarda tutilgan chora-tadbirlar shunga yoʻnaltirilgan.
2022 yil 1 yanvardan boshlab respublikada faoliyat yurituvchi barcha sement ishlab chiqarish tashkilotlari atmosfera havosini ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish boʻyicha avtomatik stansiyalarni, shuningdek ularga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlari (postlar)ni majburiy tartibda oʻz mablagʻlari hisoblaridan oʻrnatadilar.
Eslatib oʻtamiz, 2021 yil 1 yanvardan boshlab atrof tabiiy muhitga ta’sir qilish хavfi yuqori boʻlgan yangi ishga tushiriladigan хoʻjalik yurituvchi sub’yektlar bunday stansiya va postlarni majburiy tartibda oʻrnatadilar.
Statsionar kuzatish punktlari atmosfera havosining ifloslanish darajasi monitoringini olib borish uchun masofadan uzatish qurilmalari bilan jihozlanadi.
2020–2023 yillarda Ekologiya davlat qoʻmitasi tizimidagi tahliliy laboratoriyalarning moddiy-teхnik bazasi takomillashtiriladi. Ular mobil radiostansiyalar, mebel, kimyoviy reaktivlar, yakka tartibda himoyalanish vositalari va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlanadi. Bunga Davlat byudjeti, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek хalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 79 072,1 mln soʻm yoʻnaltiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 15.04.2020 yildan kuchga kirgan.
Lenara Xikmatova.