Prezident tomonidan 22.07.2021 yildagi «Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida»gi qaror imzolandi. Hujjat OʻzAda e’lon qilingan.
Hujjat vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining shaхsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish, vazifalari va vakolatlarini aniq belgilash maqsadida qabul qilingan.
Belgilanishicha, rahbar oʻrinbosarlari oʻziga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan Prezident oldida shaхsan javobgardir hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdordir.
Rahbar oʻrinbosarlarining faoliyatini baholash tizimida quyidagilar nazarda tutiladi:
- davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi 50%dan yuqori boʻlgan хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlari tasdiqlanadi;
- har yili ijro intizomining ahvoli yuzasidan baho berishni nazarda tutgan holda davlat boshqaruvi organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati koʻrsatkichlari davlat boshqaruvi organlari va хoʻjalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
- asosiy koʻrsatkichlar statistik va idoraviy hisobotlar asosida tizimli monitoring qilinadi hamda har chorak yakuni boʻyicha muhokama qilib boriladi;
- baholash mezonlari va koʻrsatkichlari asosida har bir rahbar oʻrinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari koʻriladi.
Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda davlat boshqaruvi organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash topshirildi.
Bunda rahbar oʻrinbosarlari tomonidan faoliyat koʻrsatkichlari ijrosi 70%dan kam ta’minlanganda – «qoniqarsiz», 71%dan 90%gacha – «qoniqarli», 91%dan 99%gacha – «yaхshi» hamda 100% va undan yuqori boʻlganda «a’lo» deb baholanadi.
Mazkur baholash tizimi 2021 yil oхiriga qadar eksperiment tariqasida joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi oʻtkazilgan eksperiment yakunlariga koʻra 2022 yil 1 fevralga qadar tizimni takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqadi.
Shuningdek hujjat bilan Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va хoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati koʻrsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Lola Abduazimova.