Vazirlar Mahkamasining 26.04.2018 yildagi 307-son qarori bilan mazkur idora Global ekologiya fondi (GEF) bilan hamkorlik doirasida siyosiy va operatsion masalalar boʻyicha milliy vakolatli organ etib belgilandi.
Davlat ekologiya qoʻmitasiga qoʻshimcha ravishda quyidagi vazifalar yuklandi:
- atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi ustuvor loyihalarni qisqa muddatli va oʻrta muddatli istiqbolda amalga oshirish doirasida GEF bilan hamkorlikni rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqish;
- vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida GEF grantlarini jalb etgan holda amalga oshirilishi taklif etilayotgan loyiha takliflarini koʻrib chiqish va kelishish;
- atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasida amalga oshirilayotgan va GEF grantlari hisobiga amalga oshirilishi taklif etilayotgan mazkur loyihalar bazasini shakllantirish va muntazam ravishda yangilash.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 26.04.2018 yildan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatning toʻliq matni, sharhlar va u bilan bogʻliq boshqa qonun hujjatlariga havolalar bilan «Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari» aхborot-qidiruv tizimida tanishish mumkin.
Oleg Gayevoy.