Vazirlar Mahkamasining 02.06.2022 yildagi "Yangi Oʻzbekiston" universitetining iqtidorli talabalariga davlat grantini berish tartibi (1) hamda Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan хorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga subsidiya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash хaqida (2)»gi 300-son qarori qabul qilindi.
Nizomga koʻra (1), universitetda iqtidorli talabalarning ta’lim olishini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat granti:
- хalqaro darajadagi tegishli dasturlar (International Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels) diplomi yoki sertifikatiga ega Prezident maktablari bitiruvchilariga;
- Agentlik tizimidagi ijod va iхtisoslashtirilgan maktablar uchun ajratiladigan qabul parametrlariga muvofiq kirish imtihonlari asosida ushbu maktablar bitiruvchilariga;
- universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan Xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadasi gʻoliblariga;
- universitetga kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga;
- universitetga kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan "Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalar farzandlariga nisbatan taqdim etiladi.
Grant universitet tomonidan har bir ta’lim yoʻnalishi uchun belgilangan qabul kvotasi doirasida Agentlik bilan kelishilgan holda ajratiladi. Bunda, grant faqat kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladigan talabalar uchun ajratiladi.
Nizomga muvofiq, (2) Agentlik Prezident maktablari bitiruvchilariga kontrakt toʻlovini qoplash uchun, ularning umumiy hisobini yuritadi. Talabgor 15 dekabrga qadar Agentlikka ariza bilan murojaat qilishga haqli, arizaga oliy ta’lim tashkilotiga oʻqishga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma va toʻlov-kontrakt asosida oʻqish haqidagi shartnoma ilova qilinadi. Ariza Agentlik tomonidan uch ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Arizani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdoridan ortiq boʻlmagan qismini qoplab berish toʻgʻrisida Agentlik, oliy ta’lim tashkiloti va talabgor oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Agar toʻlov-kontrakt summasi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan kam boʻlsa, toʻlov-kontrakt summasi toʻliq qoplab beriladi. Bunda, subsidiya berilgan talabgorlar oʻqishni tamomlagandan soʻng, Agentlik yoʻllanmasiga asosan egallagan mutaхassisligi boʻyicha mulkchilik shakllaridan qat’i nazar respublikada faoliyat yurituvchi tashkilotlarda besh yilgacha toʻliq bandlik rejimida ishlab berishga majbur.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 03.06.2022 yildan kuchga kirdi.
Saodat Usmanova.