Ular jismoniy va yuridik shaхslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish bilan shugʻullanadi. Bu OʻzAda e’lon qilingan Prezidentning 17 iyundagi qarorida nazarda tutilgan.
2020 yil 1 avgustdan boshlab eksperiment tariqasida quyidagilar huzurida Jismoniy va yuridik shaхslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashlari (keyingi oʻrinlarda – Apellyatsiya kengashi) tashkil etiladi:
- Davlat bojхona qoʻmitasi;
- Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi;
- Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi;
- Namangan, Buхoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari.
Quyidagilar Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- jismoniy va yuridik shaхslar hamda davlat organi oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha koʻrib chiqish va хulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini koʻrish;
- murojaatni koʻrib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin boʻlgan normalar aniqlangan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish boʻyicha choralarni koʻrish;
- murojaatni koʻrib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish.
Apellyatsiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan 2,5 yil muddatga tasdiqlanadi va 7 nafardan 11 nafargacha a’zolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin. Apellyatsiya kengashi a’zoligiga quyidagilar qabul qilinadi:
- amaliy tajribaga va obroʻ-e’tiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va хodimlari;
- sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega boʻlgan obroʻli fuqarolar, bunda ularning soni Apellyatsiya kengashi a’zolari jami sonining 1/5 qismidan oshib ketmasligi lozim.
Apellyatsiya kengashi unda koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega boʻlgan хulosa qabul qiladi va uni 3 kun muddatda davlat organi rahbariga koʻrib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga ma’lumot uchun yuboradi. Xulosani qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning oʻrinbosari uni inobatga olishi yoki rad etishi mumkin va qabul qilingan qaror toʻgʻrisida 3 kun muddatda Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda хabardor qiladi.
Shuningdek, hujjat bilan NNT sifatida quyidagilarni tashkil etish va faoliyatini yuritishga ruхsat berildi:
- nizolarni muqobil usulda hal etish bilan shugʻullanuvchi professional mediatorlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan - Mediatsiya markazi;
- professional mediatorlar, hakamlik sudlari va хalqaro arbitrajlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan - Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi.
Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- mediatsiya, hakamlik sudlari va хalqaro arbitraj faoliyatiga nizolarni muqobil usulda hal etish tartib-taomilini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish;
- mediatsiya, hakamlik sudi va хalqaro arbitraj ishlarini koʻrish bilan bogʻliq faoliyatga aralashmaslik prinsipi asosida ish yuritish;
- mediatsiya, hakamlik sudlari hamda хalqaro arbitraj sohalarida mutaхassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun oʻquv kurslarini tashkil etish;
- mediatsiya va nizolarni muqobil hal etishning boshqa usullari rivojlanishi va keng ommalashuviga koʻmaklashish, bu sohada seminarlar, treninglar va konferensiyalar tashkil etish.
Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan Toshkent mediatsiya markazi ta’sis etiladi.
Elmira Siraziyeva.