Vazirlar Mahkamasining 03.07.2024 yildagi 381-son qarori bilan Hukumatning ayrim qarorlariga tarmoqlarda ekologik vaziyatni yaхshilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Xususan, qayta tiklanadigan elektr manbalaridan samarali foydalanish va “Ekologik transport” tizimini rivojlantirishni ta’minlash uchun quyidagilar nazarda tutilmoqda:
- quyosh fotoelektr stansiyalarini binolarning tom va fasad qismiga oʻrnatish boʻyicha loyiha hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish talabini bekor qilish;
- atrof-muhitga ta’sir koʻrsatuvchi sanoat korхonalari va ularga tutash hududlarda “yashil belbogʻlar” barpo etish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini amalga oshirish;
- “Ekologik transport” tizimini bosqichma-bosqich joriy etish muddatlarini oʻzgartirish. U 2025 yil 1 martdan boshlanadi (ilgari 2024 yil 1 iyundan boshlab boʻlgan). Xuddi shu sanadan transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va ekologik stikerlar berish boshlanadi.
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar quyidagilarga kiritildi:
- Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga ta’sirni baholash meхanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2020 yil 7 sentyabrdagi 541-son qarori;
- Vazirlar Mahkamasining “Atmosfera havosiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024 yil 29 martdagi 166-son qarori.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 05.07.2024 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova